Maqolalar 23/06/2025 Bolani 1-sinfga qabul qilish uchun qanday tibbiy ma’lumotnomalar kerak?

Umumta’lim maktabining 1-sinfiga qabul qilinayotgan bolaning o‘qish jarayonlariga moslashuvi, ayniqsa uning sog‘lomligi, jismonan va ruhan tayyorligi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun bolalarni maktabga qabul qilishda ota-onalardan bir nechta tibbiy ma’lumotnomalar talab qilinadi.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova, bola 1-sinfga qabul qilishda zarur bo‘lgan tibbiy tekshiruvlar haqida ma’lumot berdi.

— 2020-yil 23-sentyabrda “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul yoshi 7 yosh etib belgilandi, — deydi mutaxassis.

— Agar bola maktabgacha ta’lim muassasasiga borgan bo‘lsa, ular bog‘cha davridayoq, hududiy oilaviy poliklinika mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi va ularning sog‘lomligini tasdiqlovchi 026-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma qabul komissiyasiga taqdim etiladi.

Agar bola bog‘chaga bormagan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 27-iyuldagi buyrug‘iga binoan, 026-shaklidagi tibbiy ma’lumotnomani olish uchun bola hududiy oilaviy poliklinikaga yo‘llanma asosida quyidagi mutaxassislar tomonidan tekshiriladi: stomatolog, endokrinolog, ortoped, oftalmolog, logoped, psixonevrolog va oila shifokori. Bundan tashqari, bola umumiy qon va peshob tahlillaridan, shuningdek, 3 marta gijjaga qarshi laborator tahlillardan o‘tishi zarur.

Shuningdek, bolalarning Milliy profilaktik emlash kalendariga muvofiq bir qator kasalliklarga qarshi vaksina olishlari kerak. Ushbu vaksinatsiya ma’lumotlari 063-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma bilan tasdiqlanishi lozim. Vaksinalar qatoriga virusli gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiyalari, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiyasi, qizamiq, epidparotit va pnevmokokk infeksiyalari kiradi.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling