Maqolalar 24/06/2025 Bugun, bakalavriatga ro‘yxatdan o‘tishning va to‘lov qilishning oxirgi kuni

Xabaringiz bor, 2025-2026-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etishi haqida xabar bergan edik.

Ya’ni bugun qabulning oxirgi kuni bo‘lgani uchun testga kirishda to‘lanadigan to‘lovni ham bugundan kechiktirmay qilish kerak.

To‘lov 25-iyun kuni soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Undan kechiksa abituriyent ro‘yxatdan o‘tmagan deb hisoblanadi va test sinovlariga qo‘yilmaydi.

25-iyun 23:59 gacha shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘zgartirishingiz mumkin (to‘lov qilingan bo‘lsa ham). Ammo qabul tugagach, barcha ma’lumotlar qat’iy hisoblanadi. Shu kundan keyin sertifikatlarni qo‘shib ham, ma’lumotlarni tahrirlab ham bo‘lmaydi.

Avvalgi yillarda bitirganlar testga kirish uchun 187 ming 500 so‘m miqdorida to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. To‘lovni belgilangan muddatga qadar bo‘lib to‘lash ham mumkin, undan kechiksa, testga kiritilmaydi.

Imkon qadar to‘lovni ham oxirgi daqiqalarga qoldirmang. Serverga yuklama ortishi munosabati bilan tizim ishlamay qolishi mumkin va bu sizga kutilmagan muammolarni yuzaga keltiradi.

Quyidagilar testga kirish uchun to‘lovdan ozod qilingan:

— ta’lim muassasasini joriy yilda tugatganlar;

— Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari;

— to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar;

— nogironligi bor shaxslar;

— ijtimoiy himoya yagona reestriga kiritilgan shaxslar va ularning farzandlari;

— “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling