Maqolalar 13/05/2025 Byudjet pulidan o‘qitilgan qancha kadr ish bilan ta’minlanmaganligi ma’lum qilindi

6-may kuni o‘tkazilgan parlament yig‘ilishida deputat Anvar Temirov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan bajarilgan ishlarda aniqlangan bir qancha kamchilik va muammolarni sanab o‘tgan.

Yig‘ilishda Anvar Temirov vazirlik hisobotini ko‘rib chiqqani va unda bajarilgan ishlarda kamchiliklar ko‘pligini aytgan.

“Vazirlikning asosiy funksiyasi aholini ish bilan band qilish, kambag‘allikdan olib chiqish bo‘ladi. Hisobotda keltirilgan raqamlar buning aksini ko‘rsatyapti.

Kasb- hunarga o‘rgatadigan monomarkazlarda o‘qitilgan fuqarolarning 74 ming nafarga yaqini (30 foizi) ish bilan ta’minlanmasdan qolgan.

Bundan tashqari, byudjet mablag‘lari samarasiz maqsadlarga sarflangan. Aholi o‘qitilyapti-yu, lekin ish bilan ta’minlamay qolyapti yoki bo‘lmasa kerakli kasbga o‘rgatilmayapti.

Buning eng qiziq joyi shundaki, ba’zi tumanlardagi markazlar rejani to‘ldirish bilan band. Aksincha, bular kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashni maqsad qilishi kerak.

Reja to‘ldirish uchun davlat byudjetidan pul sarflamaslik zarur. Nega vazirlik o‘zining eng quyi qatlamigacha islohotni to‘liq yetkazib bormagan?

Vazirlik reja to‘ldirish bilan ovora bo‘lsa, ertaga aholi oldida davlat rahbari olib borayotgan islohotlariga teskari yondashuv bo‘lib qolishidan qo‘rqmaydimi? Nega shuncha ajratilayotgan mablag‘lardan samarasiz foydalanildi, nima uchun shu kungacha buning oldi olmadi?

Ertaga deputatlar hududlarga chiqsa, fuqarolar oldida javobgarligimiz bor, ular savol berganda javob berishimiz kerak”, – degan deputat.

Bunga javoban, Bandlik vaziri o‘rinbosari Sirojiddin Boboqulov aynan qaysi kasblarga o‘qitilganlar ishga joylashmay qolib ketganini tushuntirgan.

“2024-yil 4-oktyabrdagi prezident qaroriga asosan, vazirlik huzuridagi kasbiy ko‘nikma maktablari soni 75 tadan 65 taga muvofiqlashtirildi.

O‘tkazilgan tahlillar natijasida 2022, 2023-yillar va 2024-yilning dastlabki olti oyida kasb-hunarga o‘qitilganlarning 30 foizi bandligi ta’minlanmay qolgan.

Ularning asosiy qismini oshpazlik, qandolatchilik va tikuvchilik kasblariga o‘qitilganlar tashkil qiladi. Ishga joylashmaganlarning aksariyati xotin-qizlar bo‘lgan.

Ular orasida turmushga chiqib ko‘chib ketganlar, uyda bola parvarishi bilan bandlari, olingan ko‘nikmalarni daromad keltiruvchi ishlarga emas, balki o‘z oilasi uchun tatbiq qilganlari aniqlandi.

Bugungi kunga qadar vazirlik tizimida o‘qitish jarayoni yangilandi. Oila uchun tatbiq qilinadigan kasblar rejali o‘quv dasturidan chiqarildi.

Ushbu yo‘nalishlarga faqatgina ish beruvchi talabiga asosan, ya’ni ish joyi aniq bo‘lgandan so‘ng o‘qitish boshlanadi”, – degan vazir o‘rinbosari.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling