Hamma yaxshi narsalar bolalarga, degan shior barcha mamlakatlarda jaranglaydi. Butun dunyoning diqqat e’tibori bugungi kunda “hayot gullari” – ya’ni bolalarga qaratilgan. Bolalar uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoat va korxonalar esa milliardlab daromad olmoqda.
Farzandlarini hech kimdan kam qilmay o‘stirib tarbiyalashni har bir ota-ona istaydi. Biroq bolalarning o‘zlari hayotlarini qanday baholaydilar? BMT ning bolalar fondi vakillari dunyoning 29 ta mamlakatlarining bolalariga “Hayotingiz sizni qanchalik qoniqtiradi?” degan savol bilan murojaat qildilar. Va turli mamlakatlardagi bolalarning bergan javoblaridan kelib chiqib, eng baxtli bolalar yashaydigan mamlakatlar ro‘yxatini tuzdilar. Keling, shulardan o‘ntasi bilan tanishamiz.
1-o‘rin – Niderlandiya

Kichik yoshdagi gollandiyaliklar uchun ularning mamlakati – taqiqlardan holi bo‘lgan jannatning o‘zginasidir. Gollandiyaliklar azal-azaldan erkinlikni yaxshi ko‘radilar, shuning uchun ham farzandlarini hech narsada zoriqtirmaydilar va hech bir ishda ra’ylarini qaytarmaydilar. Ta’lim-tarbiya borasida ham bolalariga bosim o‘tkazmaydilar. Gollandiyada hattoki oilaviy yig‘ilishlarda ham oxirgi qarorni bolalar qabul qiladilar. Shuning uchun ham kichik diktatorlar o‘z mamlakatlarida shod-xurramlikda hayot kechiradilar.
2-o‘rin – Islandiya

Islandiyada ham an’analar xuddi Gollandiyadek, faqat bu yer juda sovuq. Aynan ana shu omil “geyzerlar oroli” degan ikkinchi nomga ega mamlakatga ro‘yxatning birinchi o‘ridan joy olishga xalal berdi. Bolalarga bu yerda bir talay erkinliklar yaratilgan. Otalar ko‘p ishlaydilar, onalar esa ro‘zg‘or ishlari bilan bandlar, farzandlari esa vaqtlarining ko‘p qismini bog‘cha va maktablarda o‘tkazadilar. Lekin shunga qaramay bolalar o‘zlarini juda erkin va baxtiyor his etadilar.
3-o‘rin – Ispaniya

Bu mamlakat oila madaniyati bilan ro‘yxatimizning uchinchi o‘rnidan joy olmasligi mumkin emas. Ispaniyada bolalarni allada aziz, to‘rvada mag‘iz qabilida ardoqlab erkalab katta qiladilar. Ota-onalar farzandlarini hech ham bir o‘zlarini uyda yolg‘iz qoldirmaydilar, maktabga ham bolalar 12 yoshga yetgunga qadar bir o‘zlari bormaydilar. Bolalar bog‘chasi yoki maktabdan qo‘ng‘iroq qilib, bolaning yaqinlarini chaqirib qolishlari mumkinligi uchun kimdir – ko‘pincha bobo yoki buvilar doimo tayyor turadilar. Bola bir soatgina qarovsiz qolsa, hushyor odamlar albatta politsiyani chaqiradilar. Albatta bunday paypaslashlar ostida katta bo‘lgan bolalar yomon yashamaydilar.
4-o‘rin – Finlyandiya

Bu mamlakat ta’lim tizimi tufayli ushbu ro‘yxatdan joy oldi. Boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga baho qo‘yilmaydi, uy vazifasi berilmaydi, har xil testlar bilan qiynashmaydi. Qanday ajoyib!
5-o‘rin – Gretsiya

Bu mamlakat ham xuddi Ispaniyaga o‘xshaydi, u yerda ham ota-onalar farzandlarini paypaslab katta qiladilar to uylangunlariga qadar. Gretsiya Ispaniyadan apelsinlarining nordonligi bilangina farq qiladi.
6-o‘rin – Belgiya

Belgiya dunyoda shokoladlari bilan shuhrat qozongan mamlakatdir. Bu yerda bolalar shirinliklarni bemalol hech qanday taqiqlarsiz iste’mol qila oladilar. Bundan tashqari kichkintoylarning mustaqilligi tahsinga loyiq. Shapkani xohlasa kiyadi, xohlamasa yo‘q, ota-ona aytayotgan bo‘lsa ham, bola o‘z bilganidan qolmaydi. Balki ularga tanbeh berish kerakdir? Nimalar deyapsiz, bunday narsa u yerda aslo sodir bo‘lishi mumkin emas.
7-o‘rin – Norvegiya

Norvegiyada bolalar o‘yinchoqlari, xobbilari, sport turlari o‘g‘il bola yoki qiz bolaniki deb ajratilmaydi. U yerda “Yig‘lama, axir sen o‘g‘il bolasan” yoki “Nimalar qilyapsan, axir sen qiz bolasan”, degan so‘zlarni hech kim ishlatmaydi. Bolalar xohlagan narsalarga qiziqadilar, his tuyg‘ularini xohlagancha ko‘rsatadilar, xohlagan o‘yinchoqlarini o‘ynaydilar. Ularga yoqsa bo‘ldi, hech kim to‘sqinlik qilmaydi.
8-o‘rin – Shvetsariya

Shvetsariya aniq soatlar va ishonchli banklar mamlakatidir. Shu bilan birga bu yerda bolalar hali maktabga chiqmay turib, pansionatlarga joylashadilar va shunga qaramay u yerda o‘zlarini erkin his qiladilar. Albatta, axir 7 yoshgacha bolalar uchun mo‘ljallangan bu pansionatda bolalar hech qanday dars qilmaydilar, harf o‘rganmaydilar, karra jadval yodlamaydilar. Bu pansionatdagi bolalar ta’lim tarbiyani qiziq o‘yinlar, turli harakatlar, tabiatni kuzatish, o‘yin kulgi orqali oladilar. Darvoqe, Pestalotssi, Rudolf Shtayner, Mariya Montesorri kabi pedagoglar aynan Shvetsariyada yashab ishlaganlar.
9-o‘rin – Estoniya

UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etgan Estoniyalik kichkintoylarning 86% i onalari bilan juda yaxshi til topisha oladilar. Va shu omil tufayli Estoniya baxtli bolalar yashaydigan mamlakatlar 10 taligidan joy oldi.
10-o‘rin – Sloveniya

Bu mamlakat aholisi o‘z yaqinlariga nisbatan bo‘lgan his-tuyg‘ularini hech qachon oshkor etmaydilar, shu jumladan kichkintoylarga. Biroq munosabatlardagi bu sovuqqonlik kichkintoylar qalbidagi baxt hissini so‘ndira olmaydi. Bu yerdagi bolalar juda baxtlidirlar.
To‘plovchi Ma’mura To‘rayeva
#Maqola