Bolalar vaqtlarining katta qismini maktab binosida o‘tkazadilar. Ta’lim muassasasining makonini tashkil qilish, binoni ichki va tashqi jihozlanishi juda muhim ekanligini muhokama qilishadi.
Albatta, atrof-muhit bolaning rivojlanishiga ta’sir qiladi va u yoki bu tarzda uning shaxsiyatini shakllantirishda ishtirok etadi. Bugun sizga eng noodatiy va qiziqarli maktablar haqida so‘zlamoqchimiz.
Suv ustidagi maktab. Kompong Luong (Komboja)
Butun umrini suzish bilan o‘tkazish Kombojadagi Indochina yarim orolidagi katta Tonle Sap ko‘l suvlarini haydab yuruvchi suzuvchi orolda joylashgan Kompong Luong qishlog‘i aholisi uchun haqiqiy istiqboldir. Orol kichik va butunlay avtonom. U yerda aholi punkti, maktab, bir nechta do‘konlar va turarjoy binolari mavjud. Kompong Luong ko‘plab xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Bu orolliklar byudjetini to‘ldirishga yordam beradi. Suzuvchi qishloqda ota-onasi baliq ovlash paytida vafot etgan bir qancha yetim bolalar yashaydi va ekskursiya guruhlarini qabul qilishdan olingan daromad oilasiz qolgan bolalarni boqish imkonini beradi.
Maktablarida farrosh va oshpazlar yo‘q (Yaponiya)
Yaponiyalik bolalar esa nafaqat o‘zlari maktabga borishadi, balki sinf xonalarini tozalab, tushliklarini ham mustaqil tayyorlashadi. O‘quvchilarga birinchi sinfdanoq tozalikka qat’iy rioya qilish o‘rgatiladi. Har kuni darsdan keyin sinf, yo‘lak, hojatxonani tozalash, shunchaki vazifa emas, balki har bir bola mas’uliyatni his qilishi uchun tarbiya usuli ham hisoblanadi. Shuning uchun ham yaponiyalik o‘quvchilar ehtimol, dunyodagi eng mustaqil bolalardir.
Orestad Gymnazium ochiq maktab (Daniya)
Kopengagendagi Orestad gimnaziyasi o‘ziga xos maktab bo‘lib, unda darslar, auditoriyaga bo‘linish yo‘q. Maktab ochiq maydon prinsipi asosida qurilgan. Loyiha va amalga oshirish mashhur 3XN ROLE arxitektura byurosiga tegishli. 2007 yilda gimnaziya binosi Daniyadagi eng yaxshi bino deb topilgan. Chunki maktab nihoyatda go‘zal. Markazdagi tik spiral shaklidagi zinapoyalar, bolalar va o‘qituvchilar yig‘iladigan shinam dumaloq orollar, yorqin ranglarda yaratilgan qulay dam olish joylari – maktabdan keyin uyga borishni xohlamaysiz. Orestad Gymnasium o‘z ixtisosligi sifatida ommaviy axborot vositalarini tanlagan o‘rta maktab o‘quvchilariga dars beradi va maktabning dizayni, albatta, bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam beradi!
Kanatdan o‘tib boriluvchi yagona maktab (Kolumbiya)
Po‘lat simlar Kolumbiyaning chekka Los Pinos qishlog‘ida yashovchilar uchun yagona transport turi hisoblanadi. Kichik yoshdagi bolalarga kanat yo‘lidan o‘tishga ruxsat berilmaydi, shuning uchun ular maktabga ota-onalari yoki katta aka-opalari bilan borishadi. Aks holda bolalar darsga borish uchun ikki soatlik tropik o‘rmon yo‘lidan yurishlariga to‘g‘ri keladi.
Noqonuniy muhojirlar uchun maktab (Isroil)
Isroilning “Bialik-Rogozin” maktabida 50 mamlakatdan kelgan bolalar tahsil olishadi. O‘quvchilarning oilalari xilma-xil, turli Xudolarga sig‘inishadi, ammo ularni bir umumiy jihat birlashtiradi ‒ ularning barchasi qochqinlar va noqonuniy muhojirlar. Ko‘pchilik Isroilda qarindoshlari va hujjatlarisiz qoldi, ba’zilari ilgari hech qachon maktabga bormagan, ammo Bialik-Rogozinning xodimlari uchun do‘stlar va begonalar yo‘q. Bu yerda har bir bolaga nafaqat bilim, balki oziq-ovqat, kiyim-kechak va ba’zida immigratsiya politsiyasidan boshpana ham beriladi. 2010-yili maktab va uning o‘quvchilari haqidagi “Endi chet elliklar yo‘q” hujjatli filmi “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lib, jamoatchilik e’tiborini noqonuniy bolalarni o‘qitish muammosiga qaratdi.
“Qayiq maktablar” (Bangladesh)
Ko‘pgina davlatlarda tabiiy ofatlar sabab darslar bekor qilinsa, Bangladeshda musson yomg‘irlari yo daryo toshqinlari ham o‘quv jarayoniga xalaqit bermaydi. Chunki mamlakatdagi ko‘plab qishloqlarda maktab binosi vazifasini katta qayiqlar yoki barjalar bajaradi. Ba’zi o‘quvchilar darsga ham qayiqlarda borishadi. Kattaroq qishloqlarda esa qayiq maktablar aholi punktlari atrofida suzib, o‘quvchilarni yig‘ib chiqadi.
Intizomsiz maktab, (Kanada)
Kanada “ALPHA” maktabi odatdagi maktablardan sinflar, uy vazifalari, qat’iy jadvallar va intizom yo‘qligi bilan farqlanadi. Bu yerda qo‘llaniladigan yagona jazo – sevimli darslaringizga qatnashishni vaqtincha taqiqlash. Bu muassasa intizomli odamlar uchun dahshatli tush va beparvolar uchun haqiqiy jannat! Maktabda dars jadvali, forma yoki uy vazifasi yo‘q. Asosiy qoida – qoidalarning yo‘qligi! Barcha maktab nizolari bolalar va o‘qituvchilar ishtirok etadigan kengashda hal qilinadi. Hatto ta’lim muassasasini boshqarish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda ham talabalarning fikri hisobga olinadi. Albatta, ko‘p odamlar bunday maktabda o‘qishni orzu qilishadi, ammo joylar soni cheklangan. Alfa rahbariyati bu muammoni demokratik yo‘l bilan yechgan: o‘qish huquqi lotereyada hal qilinadi.
Ko‘prik ostidagi maktab (Dehli)
Hindistonda aholining aksariyati litsey va gimnaziyalar haqida faqat orzu qilishi mumkin. Bolalarning ta’lim olishi ko‘pincha tilanchilik qobiliyatlari bilan cheklanadi. Ko‘ngillilar ko‘prik ostida bepul maktab tashkil qilib, ta’limdagi ayanchli vaziyatni yaxshilashga harakat qilishgan. Bu yerda kam ta’minlangan oilalarning bilim olishga intilayotgan farzandlari tahsil oladi. Ular faqat eng asosiy bilimlarni olishlari mumkin. Bu bilan o‘rta sinflarga o‘ta olishmaydi. Hozircha “Ko‘prik ostidagi maktab”ning mashhur bitiruvchilari yo‘q. Lekin kim biladi, balki ular bir kunmas bir kun paydo bo‘ladi va, albatta Hindistondagi maktab islohotiga hissa qo‘shadi. Ta’lim hamma uchun ochiq bo‘lishiga ishonamiz.
Maktablarning mutlaqo ajoyib ro‘yxati. Zamonaviy ta’lim qanday g‘alati shakllar olmoqda. Asosiysi – o‘qib-o‘rganish istagi. Maslahatimiz: qayerda bo‘lishingizdan va qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishingizdan qat’i nazar, keng o‘ylang va bilimga intiling!
To‘plovchi Ma’mura To‘rayeva
#Maqola