Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qiyotgan hindistonlik talaba muassasadagi ta’lim sifatini tanqid qildi.
“Men Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA)da tahsil olayotgan hindistonlik birinchi kurs talabasiman. 2025-yil fevral oyida qabul qilinganman. Men chin yurakdan bu o‘rtacha darajadagi universitet bo‘ladi, deb o‘ylagandim — arzon o‘qish, xorijiy MBBC, ajoyib muhit va h.k. Ammo vaziyat mutlaqo boshqacha ekan. Bu yerda ta’lim sifati shunchalik ayanchliki, ayniqsa biz kabi xorijiy talabalar uchun, tasavvur qilib bo‘lmas darajada”, deb yozgan u Reddit platformasida.
Talaba, avvalo, o‘qituvchilar deyarli inglizcha gapira olishmasligini, ularning yarim gaplari go‘yo Google Translate orqali o‘qilayotganday tuyulishini aytgan:
“Biz shifokor bo‘lishni o‘rganishimiz kerak, ularni esa umuman tushunmaymiz. Ular biz uchun 4 soatlik ingliz tili darsi o‘tkazishadi — go‘yoki men bu yerga anatomiya emas, alifbo va grammatikani o‘rganishga kelganman! Anatomiyaga esa 20 daqiqa ajratiladi — u ham kulgili tarzda. Ular hech nima tushuntirishmaydi. Darsga kelishadi, darslikka ishora qilishadi va buyuriladi: “Mana mavzu, o‘qib, o‘rganib kel”. Ba’zida dars boshlanishiga bir daqiqa qolganda: “bu dars onlayn bo‘ladi”, deb aytishadi, lekin, hayron qolarli holat — hech qanday onlayn dars o‘tkazilmaydi. Aslida, biz o‘zimiz o‘rganamiz, ular esa maosh olishadi va faqat o‘zlariga qulay paytda bizga javob berishadi”, deydi ism-sharifi ko‘rsatilmagan hindistonlik.
U, shuningdek, akademiya dekanini ham tanqid ostiga olgan:
“Bu odam — mutlaqo aqldan ozgan. Doimo soqol masalasi bilan bezovta qiladi — go‘yo, soqol olish kerak, deb ta’qib qiladi. Men tushunaman, “vazirlik qoidalari” bor, lekin, aka, tinchlaning — mening soqolim imtihonlarning yomon o‘tishining sababchisi emas. O‘zi esa butunlay samarasiz — hech qanday muammoga yechim topmaydi, faqat muhim shaxs kabi yuradi, xolos”, deyiladi uning postida.
Tanqidda yotoqxona masalasi ham ko‘tarilgan:
“Hind talabalar yashaydigan yotoqxona esa — haqiqiy dahshat. Qo‘lansa hid, mog‘orlagan devorlar, mudom oqib turuvchi quvurlar — kimdir qizamiqqa chalinsa, xuddi fermadagi chorvani emlagandek, hammaga qandaydir vaksina urib chiqishadi. Gigiyena? U bu yerga qadam bosmagan”.
Talaba ta’lim sifati haqida gapirib, hech narsa o‘rganmayotganidan shikoyat qilgan hamda imtihonlarni “sirk” deb atagan:
“Bu yerdagi ta’lim shunchalik yomonki, nimadan boshlashni ham bilmayman. O‘qituvchilar kelganda, faqat slayd o‘qishadi yoki o‘zing o‘qi, deb ketishadi. Toki bizga hech narsa o‘rgatishmas ekan, biz qanday qilib yaxshi shifokor bo‘lamiz? Imtihonlar — sirk. Bir PDF fayl berishadi, unda taxminan 50 ta savol bo‘ladi. “Shuni yodla”, deyishadi, keyin esa kompyuterda test topshirasan. Hammasi qanday yodlashga bog‘liq. Har bir savol deyarli o‘sha PDFdan aynan olingan. Imtihonlar o‘tib ketish uchun juda oson, lekin foydasi nima? Men bu yerga xotira o‘yinlari o‘ynash uchun emas, haqiqiy tibbiyot o‘rganish uchun kelganman. Shu sababli bu joydan “pishmagan” shifokorlar chiqaveradi.Bu sirk qanday qilib Hindistonning NMC (National Medical Commission) tomonidan tan olingan? Kimdir buni tekshirishi kerak”.
#Maqola