Bugun, 16-iyun kuni AOKA da sirtqi ta’lim shakli tugatilishi yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan kelayotgan savollarga javob berildi.
Unga ko‘ra, hozirda sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar amaldagi tartibda o‘qishni tamomlaydi va ularga tan olinadigan namunadagi diplom berilishi ta’kidlangan. Ya’ni, ular tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘qishni yakuniga yetkazish imkoniyatiga egalar.
‘‘Sirtqi ta’lim shaklida tahsil olib, belgilangan tartibda diplom olgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq to‘liq oliy ma’lumotli mutaxassislar hisoblanadi. Ularga beriladigan diplom kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklidagi diplomlar bilan teng yuridik kuchga ega.
Shu bois, bunday mutaxassislarni davlat yoki xususiy sektorda rasmiy ishga qabul qilishda hech qanday huquqiy to‘siq mavjud emas. Ish beruvchilar ularning ta’lim shaklidan kelib chiqib emas, balki egallagan bilim, ko‘nikma va professional salohiyati asosida baholashi lozim’’.
Shuningdek, kelgusida kunduzgi ta’limga muqobil shakllar, jumladan, masofaviy, kechki va maqbullashtirilgan kunduzgi (part-time) ta’lim shakllari bosqichma-bosqich rivojlantirilib, ularga qabul ko‘rsatkichlari kengaytirib borilishi qayd etilgan. Bu esa muayyan ish o‘rniga ega abituriyentlar uchun o‘qish va mehnat faoliyatini bir vaqtda olib borish imkonini beradi.
Masofaviy ta’lim zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etilib, talabalarga bevosita ta’lim muassasasiga kelmasdan bilim olish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, kechki ta’lim shaklida o‘qish ish vaqtidan keyingi soatlarda amalga oshirilib, ishlovchi shaxslarga qulay grafikda ta’lim olishni ta’minlaydi.
Hukumat tomonidan bu sohadagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar takomillashtirilishi, o‘quv dasturlarining talabga moslashtirilishi va ta’lim sifatining ta’minlanishi bo‘yicha aniq choralar ko‘rilayotgani ko‘zda tutilgan.
#Maqola