Repostlar 29/12/2024 “Hujra”larda ta’lim olayotgan maktab o‘quvchilari aniqlandi

Andijon va Asaka tumanlarida maktab direktorlari ishdan boʻshatildi

Huquq-tartibot idoralari tomonidan Asaka tumanida istiqomat qiluvchi G.E. (ayol) hech qanday maxsus bilimga ega boʻlmasa-da, oʻzining yashash xonadonida 2014—2016-yillar oraligʻida tugʻilgan 5 nafar voyaga yetmagan oʻgʻil bolaga noqonuniy ravishda diniy saboq berib kelgan.

 

Bolalarning 4 nafari andijonlik, 1 nafari esa Qashqadaryo viloyatidan kelgan.

Taʼkidlash lozimki, 2016-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan bolaning ota-onasi farzandining oʻqishini G.E. orqali 2023-yilning noyabr oyida Asaka tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan birining 2-sinfiga koʻchirishgan.

Maktab direktori esa bolani ota-onasining arizasisiz, tegishli buyruq chiqarmasdan oʻqishga qabul qilgan. Shuningdek, uni “hujra” sharoitida diniy taʼlim olayotganidan xabardor boʻlsa-da, zarur choralarni koʻrmagan.

Qashqadaryolik bola fuqaro G.E.ning uyida yashagan va diniy saboq olgan. Ammo mazkur ayol tomonidan muttasil kaltaklanishi oqibatida olgan jarohatlari tufayli, u shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan G.E.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Shuningdek, maktab direktoriga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, egallab turgan lavozimidan boʻshatildi.

***

Andijon tumanida ham shu kabi holat aniqlandi. Fuqaro A.U. (erkak) oʻz uyida “hujra” tashkil qilib, 2010 va 2013-yillarda tugʻilgan 4 nafar oʻgʻil bolaga diniy saboq berib kelgan.

Bolalardan biri Toshkent shahrida yashasa-da, ota-onasining xohishi bilan diniy saboq olishi uchun uning oʻqishi Andijon tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan biriga koʻchirilgan.

Afsuski, bola maktab darslariga qatnashmagan boʻlsa-da, mazkur maktab direktori uni majburiy taʼlimga jalb qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrmagan.

Maktab direktoriga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, egallab turgan lavozimidan boʻshatildi.

Manba: https://t.me/yuz_official/55514

#Ta'lim telekanali   #Oʻquvchi  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling