Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston respublikasi mudofaa vazirligining 2025-yil 23-may 20-sonli ‘‘Umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida “Jasorat maktablari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’ gi qaroriga muvofiq, jasorat sinflariga maktablarning 4- sinfini muvaffaqiyatli yakunlagan o‘quvchilar (keyingi o‘rinlarda – nomzod) tanlov asosida qabul qilinadi.
Unga ko‘ra, jasorat sinflarida o‘qish muddati yetti yilni (5- 11- sinflar) tashkil qiladi. Jasorat sinflaridagi o‘quvchilar soni 26 nafardan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jasorat sinflariga hujjatlarni qabul qilish, kirish imtihonlarini teng huquqlilik, ochiqlik, adolat va shaffoflik prinsiplari asosida tashkil etish va nazorat qilish maqsadida maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Agentlik, tizimdagi tashkilotlar hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning mas’ul (keyingi o‘rinlarda – hamkor tashkilot) vakillaridan iborat (7 kishidan kam bo‘lmagan toq miqdorda) qabul komissiyasi shakllantiriladi. Qabul komissiyasi tarkibining vazifa va majburiyatlari Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida o‘n kun oldin tanlov o‘tkazish vaqti, joyi, qabul qilish tartibi, hujjatlarni topshirish muddatlari va qabul kvotalari to‘g‘risida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e’lon beriladi.
#Maqola