Yangiliklar 17/03/2025 Keyingi o‘quv yilidan boshlab davlat oliygohlarining ayrim yo‘nalishlarida yangi fan joriy etiladi

15-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sohaning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, davlat buyurtmasini kengaytirish vazifasi ijrosi o‘laroq oliygohlarda grant asosidagi davlat buyurtmasi 25 mingtagacha oshiriladi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming nafar ehtiyojmand oila farzandlari grant asosida qabul qilinishi belgilandi.

Ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida 2025/2026-o‘quv yilidan davlat oliygohlarining tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani joriy etiladi. Barcha o‘quv dasturlari TOP-300 talikka kirgan universitetlar dasturlari asosida takomillashtiriladi.

Kasbiy ta’lim va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘nalishidagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida malakali pedagoglar ulushini 35 foizga yetkazish, texnikumlardagi vakant direktor lavozimlariga ochiq tanlov asosida malakali kadrlarni jalb qilish choralari ko‘riladi.

Investitsiyalar va grantlarni jalb qilish maqsadida 2025-yilda tizim bo‘yicha 65 mln dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lsa, 1-chorak yakuniga kelib 8,6 mln dollar o‘zlashtirildi. Yirik oliygohlar tomonidan 20-30 mln dollar investitsiya jalb qilish va texnikumlarda eksport hajmini 1 mln dollarga yetkazish choralari belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni ta’minlash tizimdagi faoliyat yurituvchi barcha rahbar-xodimlarning asosiy vazifasi bo‘ladi. Hisobot davrida tizim bo‘yicha 147 ta korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik qayd etilgan. Shu sababli davlat xaridlari jarayonlarini shaffoflashtirish hamda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi.

Yig‘ilish davomida kamchiliklarga tanqidiy baho berildi. Xususan, ayrim oliygohlarda xalqaro ta’lim dasturlari va investitsiyalarni jalb qilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Samarqand veterinariya universiteti biriktirilgan mahallalarda amaliy ishlar boshlanmagani ta’kidlandi.

Hay’at yig‘ilishi yakunida mas’ul rahbarlarga barcha topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Ijro natijalari doimiy monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling