Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati mazkur oila farzandlarining akademik natijalariga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi.
Tadqiqotda O‘zbekistonda PISA-2022 so‘rovi orqali olingan natijalardan foydalanilgan bo‘lib, so‘rov orqali respublikaning turli hududlari bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilar(jami 202 ta maktabdan 7293 nafar o‘quvchi)ning javoblari jamlangan.
Bunda uy-xo‘jaliklari oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga qarab o‘sish tartibida guruhlangan.
Aniqlanishicha, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalarning farzandlari quyi o‘nlikdagi oilalarning farzandlariga nisbatan matematika fanidan 43,7 ball, o‘qish fanidan 39,8 ball va tabiiy fanlardan 36,7 ball yuqori natija ko‘rsatgan. Ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy holati yaxshi bo‘lgan oilalarning farzandlari yuqorida keltirilgan fanlardan yaxshi baho olgan.
Tadqiqot xulosasida yozilishicha, O‘zbekistonda o‘quv haftasi davomida haq evaziga mehnat qiladigan 15 yoshli o‘quvchilar orasida ijtimoiy-iqtisodiy holati past bo‘lgan oilalarning bolalari ko‘proq uchraydi. Ya’ni har 3 nafardan 1 nafari o‘qish payti ishlaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi yuqori o‘nlikda bo‘lgan oilalarda esa bu sal pastroq – har 4 nafardan 1 nafari.
Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarning uy vazifalarini bajarmasligi PISA test sinovi natijalarini o‘rtacha 16 ballga, haq evaziga mehnat qilish esa 37 ballga kamaytiradi.
Tadqiqotda o‘quvchilarning darsdan oldin nonushta qilishi ham tahlil qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilarning darsdan oldin nonushta qilmasligi PISA test sinovi natijalarini o‘rtacha 20 ballga salbiylashtiradi. Nonushta qilmaslik ko‘proq kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’sir qiladi va ular nonushta qilmaydigan yuqori daromadli oilalarning farzandlariga nisbatan 34 ball kamroq oladi.
O‘quv haftasi davomida darsdan avval nonushta qilmaydigan o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga ko‘ra quyi o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining 13,6 foizini, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa 9,5 foizini tashkil qiladi.
MHTI ekspertlari davlat ta’lim qonunchiligida maqsadli ko‘rsatkichlarni xalqaro test sinovlari natijalari orqali aniq hamda bir vaqtning o‘zida guruhlar kesimida (yuqori-quyi daromadli oila farzandlari, shahar-qishloq va hokazo) belgilashni, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashaydigan hududlardagi maktablarda sinov tariqasida bepul tushlik hamda nonushta berish tizimini joriy etishni taklif qilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda maktablardagi bepul tushlik davomatni 8 foizga oshirishi tadqiqot davomida isbotlangan.
#Yangiliklar