Yangiliklar 12/02/2025 Oʻzbekistonda kurs, seminar, marafonlar oʻtkazishning tartibi belgilandi

   O‘zbekistonda ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi belgilandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi. 

  Unga ko‘ra, hukumat qarori bilan “Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomda nimalar nazarda tutilgan?

   Nizom ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi va shakllarini belgilaydi hamda quyidagilarni nazarda tutadi:

  • ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shakllari hamda ushbu faoliyatni amalga oshiruvchilarga nisbatan qo‘yiladigan talablar;
  • ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish shakllari (ma’ruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, leksiya, marafon, davra suhbatlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda, bevosita yoki onlayn, yakka tartibda yoki guruhlarda, pulli yoki bepul);
  • ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shu jumladan, ushbu faoliyat tinglovchilari orasida voyaga yetmagan shaxs mavjud bo‘lsa, majburiy tartibda ma’rifiy faoliyat dasturini ishlab chiqish talabi;
  • ma’rifiy faoliyat ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari va ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda taqiqlanadigan xatti-harakatlar.

Shartnoma tuzish lozim

   Keltirilishicha, ma’rifiy faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etib yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib shug‘ullanish mumkin. Ma’rifiy faoliyat bilan yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnomaga muvofiq pulli asosda shug‘ullaniladi.

   14 yoshdan kichik shaxslarning ma’rifiy faoliyat tadbirlarida tinglovchi sifatida ishtirok etishlariga ularning ota-onasi (qonuniy vakillari) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling