Avvallari abituriyentlar uchun muhim sana 1-avgust edi. Shu bir kunning o‘zida kirish imtihonlariga oylab-yillab tayyorlangan abituriyentlar bilim darajasi aniqlanardi. Ayni damda bu vahimali sana allaqachon unutila boshlangan. Hozir abituriyentlar to kirish imtihonlari boshlangunga qadar asosiy fanlaridan bemalol maksimal ball to‘plab qo‘yib, imtihonga xotirjamgina kirishlari mumkin.Buning uchun ular umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat imtihonini topshirishlari kerak.

Milliy sertifikat nima?
Sertifikat – umumta’lim fanlari bo‘yicha, talabgorning bilimini aniqlab berish uchun mo‘ljallangan sinov. Imtihonni Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) o‘tkazadi. Test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga amal qiluvchi sertifikat taqdim etiladi.
Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirishda quyidagicha ballar beriladi:

Majburiy fan uchun belgilangan maksimal ballni olish uchun talabgorning sertifikat balli 60 foizdan yuqori bo‘lsa yetarli. Masalan, tibbiyot yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyent kimyo va biologiyadan sertifikat olib qo‘ygan bo‘lsa, kirish imtihonida asosiy blokdagi testlarni ishlab o‘tirmasdan faqat majburiy fanlardagi test topshiriqlarining o‘zinigina bajarishi mumkin. Yoki iqtisod yo‘nalishiga hujjat topshirayotgan abituriyent imtihondan oldin matematikadan sertifikat olgan bo‘lsa va uning foizi 86 dan yuqori bo‘lsa, ham asosiy blokdagi, ham majburiy fanlar blokidagi matematikaga oid test savollaridan ozod bo‘ladi.
Lekin agar bordi-yu abituriyentning sertifikat balli 86 foizdan past bo‘lsa, u OTMga hujjat topshirayotganda majburiy fanlar blokidagi matematika fanidan maksimal ballni qo‘lga kiritib, asosiy blokdagi matematika fanidan savollarni ishlash variantini tanlashi mumkin. 
Savollar qanday tuziladi?
Milliy sertifikat uchun imtihon savollari davlat ta’lim standartlariga mos, o‘quv dasturlariga muvofiq tuzilishi kerak. Namunaviy savollar bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) saytida tanishish mumkin.
Sertifikat imtihonida tushadigan savollar kirish imtihonlaridagi savollardan farq qiladi. Masalan, ona tili va adabiyot fanidan o‘tkaziladigan imtihonda abituriyentlar esse yozishlari ham kerak bo‘ladi. Shuningdek, ularning mantiqiy fikrlash qobiliyatini tekshiradigan savollar ko‘proq.
Imtihonga qancha vaqt beriladi?
Milliy sertifikat imtihonida 35 ta yopiq va 10 ta ochiq turdagi (har biri A va B qismlarga ajratilgan) test topshirig‘i uchun 150 daqiqa (2 soat-u 30 daqiqa) vaqt beriladi. Ochiq turdagi test topshiriqlari 2 qismga ajratilgani uchun jami test topshiriqlari sonini 55 ta deb qaraydigan bo‘lsak, har bir test topshirig‘iga taxminan 2 daqiqa-yu 44 soniya to‘g‘ri keladi. Faqat ona tili va adabiyot fanidan esse yozish talab qilingani uchun topshiriqlarni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

To‘lovi bormi?
Sertifikat uchun 1,5 baravar BHM miqdorida – hozirgi kunda 450 ming so‘m to‘lov undiriladi. Lekin to‘lov qilib, imtihonda qatnashib, kerakli ball (60 foizdan yuqori) to‘play olmasdan sertifikat ola olmaslik ham mumkin. Ba’zi imtihonlardan, masalan, IELTS imtihonidan farqli tarafi shunda. IELTS imtihonida to‘plagan ballingizga qarab past ko‘rsatkichli bo‘lsa ham, sertifikat olish mumkin.
Javoblar 20 ish kunidan kechiktirmasdan e’lon qilinadi va imtihonda qatnashgan shaxs sertifikatini Bilim va malakalarni baholash agentligi saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda yuklab olishi mumkin.

Talabgorlarga eslatma!
1. Test o‘tkaziladigan kun talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatining asli (fuqarolik pasporti) bilan ruxsatnomada ko‘rsatilgan vaqtdan kechikmasdan kelishi shart.
2. Shaxsi tasdiqlanmagan va kechikib kelgan talabgor test sinoviga qo‘yilmaydi.
3. Test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga va auditoriyaga har qanday qo‘llanma, adabiyotlar,telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish qat’iyan man etiladi. Test sinovini o‘tkazish jarayoniga turli xatti-harakatlar bilan salbiy ta’sir qilish: boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish, savollar kitobi varaqlarini yirtish, savollar kitobini boshqa talabgorlarga berish,test sinoviga ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng yozishda davom ettirish, boshqa talabgorga birorta buyum uzatish taqiqlanadi. Ushbu talablarga rioya qilmagan talabgor sinovdan dalolatnoma bilan chetlatiladi.
4. Auditoriyaga ustki kiyimlar, sumka, papka va boshqalarni olib kirish taqiqlanadi.
5. Auditoriya mas’ul kuzatuvchisi test boshlanganini ma’lum qilmasdan oldin savollar kitobini ochish taqiqlanadi.
6. Mas’ul kuzatuvchiga test sinovi paytida savol berish taqiqlanadi (test sinovlari o‘tkazilishi bo‘yicha barcha savollar mas’ul kuzatuvchiga imtihon boshlanishidan oldin beriladi).
7. Mas’ul kuzatuvchi ruxsatisiz auditoriyani tark etish taqiqlanadi.
8. Test materiallarini auditoriyadan olib chiqish man etiladi.
9. Sizga noto‘g‘ri, talabga mos bo‘lmagan test materiallari berilgan deb hisoblasangiz yoki test topshiriqlari nuqsonli bo‘lsa auditoriya mas’ul kuzatuvchisiga test boshlanishidan oldin zudlik bilan xabar bering.
10. Test sinovini topshirish vaqtida guruhdan zarurat bilan chiqqan talabgorga qo‘shimcha vaqt belgilanmaydi.
11. Javoblar (test va yozma ish) varaqasi raqamlarini solishtiring, ular bir xil bo‘lishi kerak. Raqamlar bir-biridan farq qilsa, auditoriya mas’ul kuzatuvchisiga murojaat qiling.
12. Test sinovlari paytida sog‘ligingiz yomonlashsa, zudlik bilan auditoriya mas’ul kuzatuvchisini ogohlantiring.
13. Talabgor test sinoviga kechikkan yoki sababsiz kelmagan hollarda, to‘lovning 50 foiz miqdorida qaytariladi.
14. Test sinovi o‘tkazilishi jarayonida talabgorga bir vaqtda faqat bitta umumta’lim fanidan test topshirishga ruxsat etiladi.

Test sinovlari natijalari
1. Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.
2. Test sinovi natijalari ular yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
3. Sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish (60 va undan yuqori) foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional)ball beriladi. Ya’ni sertifikat qaysi fandan olingan bo‘lsa, shu fanning fanlar majmuasidagi o‘rniga qarab mos ravishda maksimal ballning ma’lum foizi beriladi.Masalan, matematika fanidan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 60 foiz, matematika fanining fanlar majmuasidagi o‘rni birinchi (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,2 ball, 30 ta test topshirig‘iga maksimal 96 ball) bo‘lsa, uning 60 foizi 57,6 ballni tashkil etadi(3,2*30=96 ball, 96*60/100=57,6). Agar abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 80 foiz bo‘lsa, 76,8 ballni tashkil etadi (3,2*30=96 ball, 96*80/100=76,8).
4. Sertifikat test sinovidan ijobiy (60 va undan yuqori foiz) natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

Qaysi fanlardan milliy sertifikat olish mumkin?
Abituriyentlar uchun imtihonda tayyor ball, o‘qituvchilar uchun ustama olish kabi imkoniyatlarni taqdim etuvchi milliy sertifikat mavzusiga yana to‘xtaldik. Bu maqolada milliy sertifikat haqida batafsil ma’lumot beramiz. Abituriyentlar quyidagi fanlar bo‘yicha sertifikat uchun imtihon topshirib, oldindan ballni naqd qilib qo‘yishi mumkin:

Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov qatnashgan matbuot anjumanida o‘tgan yili Oliy ta’lim va undan keyingi (magistratura va doktorantura) uchun milliy sertifikat darajalari yangilanganligi haqida butun jamoatchilikka ma’lum qilindi. Unga ko‘ra:

Milliy sertifikat imtihonlari har yili ikki bosqichda birinchi yarim yillik (sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr) va ikkinchi yarim yillik (yanvar, fevral, mart, aprel, may) oylarida Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi. Talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz sayti orqali kirib ro‘yxatdan o‘tadi va imtihon to‘lovini amalga oshiradi.
Sertifikat olib allaqachon qaysidir fandan ballni naqd qilib qo‘ygan abituriyentlar ushbu maqolani o‘qiyotgan bo‘lsa, bizga taassurotlaringiz haqida yozib yuboring.
Ma’mura To’rayeva tayyorladi
#Maqola