Ma’lum bir sabablarga ko‘ra talabalar o‘qishlarini ko‘chirishlariga to‘g‘ri keladi. Ammo har qanday vaziyatda ham bunga ruxsat berilmaydi. Uning ham o’ziga yarasha tartib-qoidalari bor.

Har bir ta’lim yo‘nalishidan boshqasiga o’qishni ko’rishishda bilishingiz kerak bo‘lgan muhim ma’lumotlar:
1.Kunduzgi ta’limdan quyidagilarga ko‘chirish ruxsat etiladi:
- kunduzgi;
- sirtqi;
- kechki (smenali).
Kunduzgi ta’limdan maxsus sirtqiga ko‘chirib bo‘lmaydi.
2. Sirtqi ta’limdan ruxsat etiladi:
- kunduzgi;
- sirtqi (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
- kechki (smenali).
Sirtqi ta’limdan maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi.
3. Kechki ta’limdan ruxsat etiladi:
- kechki ta’lim (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
- kunduzgi.
Kechki ta’limdan sirtqi hamda maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi.
Eslatma: Shuningdek, maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa OTMga ko‘chira olmaydi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ham ma’lum muddatlar mavjud:
O‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash quyidagi 9 ta bosqichda amalga oshiriladi.
Kuzgi semestr bo‘yicha:
1-bosqich: 15-iyungacha - Hududlarda Ishchi guruh tashkil etiladi.
2-bosqich: 15-iyuldan 5-avgustgacha - Talabalardan arizalar qabul qilish. Joriy yilda arizalar edu.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi.
3-bosqich: 5 avgustdan 30-avgustgacha - Arizalar yuzasidan qaror qabul qilinadi va fuqaroga javob xati yo‘llanadi.
4-bosqich: 2-sentyabrdan 10-sentyabrgacha - Ko‘chirish (qayta tiklash) masalasi ijobiy hal etilgan taqdirda, OTM rektorining buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.
5-bosich: 1-oktyabrgacha - Kontraktdagilar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganidan keyin talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.
Bahorgi semestr bo‘yicha:
6-bosqich: 15-yanvardan 25-yanvargacha - Talabalardan arizalar qabul qilish
7-bosqich: 25-yanvardan 15-fevralgacha - Arizalar yuzasidan qaror qabul qilinadi va fuqaroga javob xati yo‘llanadi.
8-bosqich: 15-fevraldan 25-fevralgacha - Uzrli sabablar bilan bahorgi semestrda ko‘chirish masalasi ijobiy hal etilgan taqdirda, OTM rektorining buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.
9-bosqich: 1-martgacha - Kontraktdagilar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganidan keyin talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ta’lim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
- talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;
- pasportning nusxasi.
Talabalarning o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizalari mos ravishda:
- Oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga topshiriladi;
- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan Hududiy ishchi guruhlarga topshiriladi.
- Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.
- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizalarni belgilangan vakolatlar doirasida shakllantirib Davlat komissiyasiga va vazirliklar (idoralar)ga qaror qabul qilish uchun yo‘llaydi.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- ariza ko‘rib chiqilib, oliy ta’lim muassasasi rektorining tegishli qarori qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga shaxsan ma’lum qilinadi;
- arizalar tegishli vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga ma’lum qilinadi;
- arizalar Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.

Har doim ham arizalar qabul qilinavermaydi.
Quyidagi holatlar yuzasidan arizalar rad qilinadi:
- xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;
- respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
- oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
- birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);
- oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;
- namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
- to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
- talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
- oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;
- oliy ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;
- maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
- kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga hamda kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
- sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
- bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga hamda maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga;
- talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dasturning o‘zi bundan mustasno);
- qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
Eslatma: Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi.
Oliy ta’lim muassasasida yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha qo’shimcha ma‘lumotlarni You tube kanaldan olishingiz mumkin.
Sevinch Tolibjonova tayyorladi
#Ta'lim telekanali
#Maqola