O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo ayrim shaxslar bu normaga zid ravishda o‘qituvchilarga maktab miqyosida ommalashtirilgan ishlar uchun sertifikatlarni pullay boshlagan. Ushbu holat “Xalqtaliminfo” o‘tkazgan o‘rganish davomida ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun berilayotgan sertifikatning narxi esa 49 ming so‘m etib belgilangan. Ishlari maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarning shaxsiy telefon raqamiga 4546 raqamidan SMS xabarnomalar yuborilgan. Ushbu xabarda esa maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun PDF shakldagi sertifikatni 49 ming so‘m evaziga yuklab olish taklifi bildirilgan.
Bu ishda vazirlik rasmiylarining ham qo‘li bormi?
Birinchidan, maktabda ommalashgan ish uchun sertifikat olish taklifi haqidagi SMS xabarlar pedagoglarning ommalashtirish.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamlariga yuborilgan. Ya’ni, bunda pedagoglarning shaxsiy ma’lumotlaridan ularning ruxsatisiz foydalanilgan.
Ikkinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tegishli bo‘lgan rasmiy @ommalashtirishuzbot orqali ham pedagoglarga 49 ming so‘mevaziga maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat yuklab olish taklifi haqidagi reklama matnlari yuborilgan.
Keyingi bosqichda esa pedagoglar maxsus norasmiy bot‘ga yo‘naltirilgan va aynan ana shu bot orqali pedagoglarga sertifikatlar pullangan. (Hozirda ushbu bot va undagi ma’lumotlar noma’lum sabablarga ko‘ra o‘chirib tashlangan)
Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tegishli bo‘lgan rasmiy @ommalashtirishuzbot platforma bo‘yicha savollarga javob berish hamda undan ro‘yxatdan o‘tishda maxsus kodni olish uchun Respublika ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu bot haqida RTMning rasmiy telegram sahifasida ham ma’lumot mavjud.
Uchinchidan, ushbu noqonuniy takliflarga aldanib, 49 ming so‘mga sertifikatni sotib olgan pedagoglarga ommalashtirish.uz platformasida generatsiya qilingan, Respublika ta’lim markazi v.v.b direktori D.Norboyeva hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori A.Ismailovning elektron QR-kod shaklidagi muhri tushirilgan rasmiy sertifikat taqdim etilgan.
Masalaning e’tiborli jihati shundaki, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun taqdim etilgan sertifikatdagi QR-kod skaner qilinganda, mazkur sertifikat vazirlikning rasmiy ommalashtirish.uz platformasida ham mavjudligini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, yuqorida tilgan olingan “Startup-Invest” MCHJ tasischilari aniqlanganda, uning 50 foiz ulushi Respublika ta’lim markazi Raqamli ta‘limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i (RTM rasmiy saytidagi ma’lumot bo‘yicha) Dilshod Boboqulovga, 50 foizi esa “FALCON HOLDINGS” MCHJga tegishli ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu ma’lumotlar shuni anglatadiki, o‘qituvchilarga sertifikatlarni pullash bilan bog‘liq holatga bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi tashkilotlarning ham aloqasi bo‘lishi mumkin.
O‘qituvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan ochiqdan ochiq foydalanilgani, ularga rasmiy bot orqali xabarlar yuborilgani, shuningdek, ommalashtirish.uz platformasida ham tasdiqlangan sertifikatning taqdim etilgani bu shubhalarni yanada ko‘paytirmoqda.
Holatga huquqiy baho beriladi
Mazkur holatga Resoublika ta’lim markazi tomonidan munosabat hozirga qadar bildirilmagan. Ammo Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bildirgan munosabatda ta’kidlanishicha, ayni paytda vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy-nazorat boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Respublika ta’lim markazi xodimi tomonidan xizmat vazifasini suiste’mol qilgan holda noto‘g‘ri xatti-harakatlar amalga oshirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan hozirda ushbu holatga chek qo‘yilgan hamda kelgusida mazkur xodimning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi institut bayonotida.
#Maqola