O‘zbekistonda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu islohotlar doirasida mamlakat bo‘ylab nodavlat va oilaviy bog‘chalar tarmog‘i kengaytiriladi.
Kimga qanday bog‘cha?
Vazirlar Mahkamasining 12-fevraldagi qaroriga ko‘ra, 2025-yil oxiriga qadar bolalarni bog‘chaga qamrab olish darajasi 80 foizga yetkazilishi kerak. Buning uchun hududiy sharoit va aholining to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda turli modeldagi bog‘chalar tashkil etiladi.
Hujjatda bolalar bog‘chalari aholining moliyaviy ahvoliga qarab tashkil etilishi belgilangan.
Turmush darajasi yuqori mahallalarda (ya’ni, kam ta’minlangan oilalar soni kam bo‘lgan hududlarda) xususiy investitsiyalar asosida nodavlat bog‘chalar ochiladi. Bu esa davlat bog‘chalaridagi navbatlar sonini kamaytirishga yordam beradi.
Olis va chekka hududlarda (tuman va shahar markazidan uzoq joylarda) oilaviy nodavlat bog‘chalar tashkil etiladi. Bular kichik bolalar guruhlarini qabul qiladigan va oila muhiti asosida faoliyat yuritadigan bog‘chalar bo‘lib, ular davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida moliyalashtiriladi.
Kam ta’minlangan oilalar ko‘p bo‘lgan tumanlarda esa nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga davlat kreditlari, grantlar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb qilinadi.
Bundan tashqari, ijtimoiy muassasalarning bo‘sh turgan binolarida qisqa muddatli guruhlar tashkil etiladi, bu esa qo‘shimcha bog‘cha o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.
Bog‘chalarni rivojlantirish uchun xalqaro moliyaviy ko‘mak
Bog‘cha tizimidagi islohotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun Jahon bankining “Erta yoshdagi bolalar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlash, o‘yin maydonchalari va tarbiyalanuvchilar uchun zarur vositalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2025–2026-yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, 3-7 yoshdagi bolalarni bog‘chaga jalb qilish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
#Yangiliklar