Talaba maqomiga erishish uchun yildan yilga raqobat kuchaymoqda. Talab oshgani sari ta’lim maydonida xususiy va xalqaro ta’lim muassasalari soni ham sezilarli ravishda oshayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Albatta, bu yaxshi ma’noda sifatli ta’lim uchun raqobat keltirib chiqaradi. Ammo shunday vaqtda vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lgan shaxslar ham uchramoqda. Xo‘sh, firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Ushbu maqolada nodavlat ta’lim muassasalarida tahsil olish istagidagi barcha bilishi shart bo‘lgan ma’lumotlar va ta’lim muassasasini tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida maslahatlar berib o‘tiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qarori bilan nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari tasdiqlangan. Shu bilan birga,“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasiga binoan, davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi litsenziyaga ega nodavlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni (diplom) beradi. Bu esa talaba diplomining hamma joyga “o‘tishini” kafolatlovchi hujjatdir.
Ushbu hujjatning haqiqiyligini aniqlashning bir necha yo‘llari bor. Eng oddiy va birinchi yo‘li Nodavlat OTMlarning litsenziyasi haqiqiyligini license.gov.uz saytiga kirib tekshirish mumkin. Saytning «Reestr» bo‘limida “Hujjat raqami”ga litsenziya raqami kiritilsa, bu hujjatning qonuniyligi kelib chiqadi.
Keyingi usuli esa litsenziyada keltirilgan QR kodni skanerlash orqali bilish hisoblanadi. Bunda diqqat qaratish kerak bo‘lgan jihati ma’lumotlar aynan license.gov.uz manzilidan kelib chiqishi kerak. Litsenziyani saytdan yuklab olgach, albatta, uni sizga taqdim etilgan litsenziya bilan solishtiring. Keyingi e’tibor berish kerak bo‘lgan jihat esa, litsenziyada aynan siz tahsil olmoqchi bo‘lgan muassasa turi keltirilgan bo‘lishi kerak. Chunki universitet uchun berilgan o‘quv markazi uchun olingan litsenziyani ko‘rsatishlari ham mumkin.
Nodavlat ta’lim muassasasi litsenziyasi qonuniy bo‘lib chiqdi. Lekin bu ham hali to‘liq ishonchli degani emas. Yana nimaga qaysi jihatga e’tibor berishimiz kerak? Gap shundaki, qonunga muvofiq nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga ta’limning har bir turi uchun alohida litsenziya beriladi. Litsenziyada faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, ta’lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati aniq ko‘rsatiladi. Ya’ni aynan siz muassasa litsenziyasida siz tanlagan yo‘nalish aniq ekanligiga ishonch hosil qiling.
Yana ushbu hujjatda manzil ham ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Litsenziyada faoliyat manzili aniq ko‘rsatib o‘tilishining sababi esa litsenziya berishdan avval aynan ushbu manzildagi bino va hududning qarorda belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi o‘rganib chiqiladi. Qonuniy filiali mavjud universitetlarning litsenziyasida filial manzili ham ko‘rsatib o‘tilgan bo‘ladi.
Ayrim nodavlat oliygohlar fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida boshqa viloyatda ham qabul ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Biroq bu holat universitet o‘sha viloyatda ham o‘qitadi, degan ma’noni anglatmaydi.
Agar qaysidir nodavlat universitetning vakillari sizga boshqa manzilda filiali borligini ma’lum qilsa, litsenziyadagi faoliyat manzili qismida o‘sha manzil ham ko‘rsatib o‘tilganligini tekshirib ko‘ring.
Qayta va qayta takrorlashdan charchamaymiz, bugungi kunda ta’lim sohasidagi raqobat ortib borayotgan bir paytda, nodavlat ta’lim muassasasini tanlashda hushyorlik va ogohlik yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun har bir abituriyent va ota-ona qonunchilikda belgilangan mezonlarga asoslanib, muassasa hujjatlarining qonuniyligini sinchiklab tekshirishi lozim. Ayniqsa, litsenziyaning mavjudligi, ta’lim yo‘nalishining aniqligi, faoliyat manzili va hujjatlarning mosligini tekshirish — ishonchli va sifatli ta’lim sari tashlangan eng muhim qadamlardan biridir. Esda tuting, sizning kelajagingizni belgilovchi muhim qaror — qayerda o‘qish tanlovidir. Bu qarorni qabul qilishda shoshilmasdan, barcha ma’lumotlarni aniqlashtirib, faqat ishonchli manbalarga asoslaning. Shu tarzda siz nafaqat sifatli ta’lim, balki huquqiy kafolatlangan kelajakka ham qadam qo‘yasiz.
#Maqola