Iqtisodiyot universiteti London shahrida “O‘zbekistonning tarixi va madaniyati bo‘ylab sayohat taqdimot-konserti” nomli tadbir tashkil etdi.
Joriy yilning 15-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi 20/1-867-sonli topshirig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2024-yil 15-martidagi PQ-128-son Qarori ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini hamda yurtimiz turizm salohiyati va jozibadorligini keng targ‘ib qilish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan bevosita hamkorlikda “O‘zbekistonning tarixi va madaniyati bo‘ylab sayohat taqdimot-konserti” nomli targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda jami 100 ga yaqin diplomatik korpus, siyosiy, biznes, ilmiy-ma’rifiy doira vakillari hamda oliygohlarda tahsil olayotgan, shu jumladan, o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov ochib berdi. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining birinchi prorektori Komila Karimova tashrif buyurgan mehmonlarga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildirgan holda bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi rivojlanish ko‘rsatkichlari hamda vatanimizning betakror tarixiy merosi, turizm salohiyati bo‘yicha ishtirokchilarga taqdimot qildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekistondagi YUNESKO Butunjahon madaniy merosi ro‘yxati (Uzbekistan UNESCO World Heritage Sites)ga doir video-rolik namoyish etildi. Unda YUNESKOning 2025-yilda Parijdan tashqaridagi ilk sammiti Samarqandda o‘tkazilishining tarixiy ahamiyati va O‘zbekistonning boy madaniy va turizm salohiyatini namoyishiga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlash joiz. Tadbir davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan tuzilgan badiiy jamoa O‘zbekistonning boy madaniy va turizm salohiyatini namoyishiga qaratilgan ko‘rgazmalari, badiiy chiqishlari ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar baxshida etdi.

Xususan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, shoir Bobur Bobomurod O‘zbekistonda madaniy hayot va adabiyotning o‘rni, mamlakatimizda ijod erkinligi to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan bo‘lsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’atkor Ilyos Arabov ijrosidagi O‘zbekistondagi YUNESKO Butunjahon nomoddiy ma’daniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan – shashmaqom, lazgi, milliy maqom kuy va qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilariga yanada yuqori kayfiyat ulashdi. TDIU badiiy jamoasi tomonidan ijro qilingan “Andijon polkasi”, “Xorazm lazgisi” kabi qator milliy raqslarga tashrif buyuruvchilarning jo‘r bo‘lganligini tadbirga alohida o‘zgacha ruh va kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor Ortiqali Qozoqov tomonidan milliy rassomchilik ko‘rgazmasi va master-klass o‘tkazildi. Ushbu jarayon mehmonlar uchun haqiqiy ilhom manbai bo‘ldi. Ortiqali Qozoqovning noyob asarlari nafaqat xalqimiz milliy an’analari va madaniyatini chuqur aks ettiradi, balki har bir asarda san’atning yuksak mahorat bilan yaratilishi his qilinadi. Ustoz rassom o‘z tajribasi bilan bo‘lishib, yosh rassomlarga va san’at muxlislariga amaliy mashg‘ulotlar orqali g‘oyalarini yetkazdi.

Master-klass davomida milliy naqshlar va ranglar o‘yini orqali asarlarning mohiyatini tushunish hamda san’at orqali o‘z fikrlarini ifodalashning noyob usullari haqida o‘rganish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, targ‘ibot tadbiri davomida universitet badiiy jamoasi a’zosi Laylo Yaxshiboyeva tomonidan O‘zbekistonda mavjud milliy hunarmandchilik mahsulotlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Xususan, YUNESKO Butunjahon nomoddiy merosiga kiritilgan o‘zbek atlasi va adrasidan tayyorlangan milliy liboslar ko‘rgazmasi qatnashchilarga hayrat tuyg‘usini uyg‘otdi.

Tadbir davomida tashrif buyurgan mehmonlarga osh dasturxoni tayyorlanib, palov tortildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekistonning tarixi va madaniyati bo‘ylab sayohat” nomli taqdimot-konserti ishtirokchilarga unutilmas taassurot va hayrat ulashdi. Tadbir davomida mehmonlar mamlakatimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Konsert shaklida o‘tkazilgan mazkur tadbir nafaqat O‘zbekistonning madaniy salmog‘ini namoyon qildi, balki yurtimizning turizm salohiyatini oshirishga xizmat qildi. Milliy qo‘shiqlar, raqslar va milliy musiqa mehmonlarni hayratga solib, ularni O‘zbekistonning go‘zalligi va qadimiy an’analari bilan yaqindan tanishtirdi.

Shuningdek, tadbirda yurtimizning me’moriy yodgorliklari, hunarmandchilik va gastronomiyasiga oid vizual materiallar namoyish etildi, bu esa milliy qadriyatlarimizning yorqin ifodasiga aylandi. Bu kabi xalqaro ko‘lamdagi tadbirlar O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligini oshirishga qo‘shimcha turtki bo‘lib, mamlakatimizning dunyodagi ijobiy imijini yanada mustahkamlaydi. Tadbirda ishtirok etgan har bir kishi yurtimiz madaniyati va an’analariga qiziqish bilan qarab, uni yanada chuqur o‘rganishga intilishi shubhasiz.
#Yangiliklar