Maqolalar 27/06/2025 Qirg‘izistonda davlat tilini bilmaydigan mas’ullar jarimaga tortiladi

Qirg‘izistonda deputatlar davlat tilini qo‘llash bilan bog‘liq ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda Kaktusmedia nashri xabar berdi.

Yangi tuzatishlarga ko‘ra, quyidagi shaxslarga qirg‘iz tilini bilish majburiyati joriy etiladi:

— parlament deputatlari,

— Vazirlar Mahkamasi raisi va a’zolari,

— Konstitutsiyaviy, Oliy va mahalliy sudlar sudyalari,

— prokurorlar, tergovchilar,

— Milliy bank, huquqni muhofaza qilish organlari hamda milliy xavfsizlik xodimlari.

Shuningdek, qirg‘iz tilini yetarli darajada bilmagan advokatlar va notariuslar ham litsenziya olish huquqidan mahrum etiladi. Bundan tashqari, “Televideniya va radioeshittirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, ko‘rsatuv va eshittirishlarning kamida 60 foizi davlat tilida bo‘lishi shart.

Yana bir muhim o‘zgarish – “Tashqi migratsiya to‘g‘risida”gi qonun bilan bog‘liq. Endilikda, davlat tilini yetarli darajada bilmaslik mamlakatda doimiy yashash uchun ruxsatnoma berishni rad etishga asos bo‘ladi. Chet el fuqarolari qirg‘iz tilini bilmasa, migrant maqomini ololmaydi.

Davlat tilida tayyorlangan reklama matni til to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga va imlo qoidalariga muvofiq bo‘lishi lozim. Bunday matnlar mahalliy hokimiyat organi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

Til qonunchiligini buzgan jismoniy shaxslarga 5 ming so‘m (taxminan 711 ming so‘m), yuridik shaxslarga esa 17 ming so‘m (salkam 2 million 416 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi. Biroq bu me’yor jismoniy shaxslar uchun til bilish darajasi bo‘yicha qonunchilikda ko‘rsatilgan talablarga taalluqli emas. Qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish va jarima solish vakolati Davlat tili va til siyosati bo‘yicha Milliy komissiyaga yuklatiladi.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling