Maqolalar 11/04/2025 Talaba farzandli bo‘lsa, OTMdan suyunchi puli oladimi?

❌ Qisqa javob: yo‘q, bu noto‘g‘ri xabar. Suyunchi puli olish uchun hech qayerga murojaat qilish shartmas, avtomat ravishda ota-onadan biring plastik kartasiga tushadi.

✅Batafsil javob: Telegramda shu xabar rosa aylandi. Bu noto‘g‘ri xabar bo‘lgani uchun, izoh berib o‘tmoqchiman.

Qonunchilikka ko‘ra, istalgan oilada farzand tug‘ilganda bir martalik nafaqa puli beriladi. Bu xalq tilida “suyunchi puli” deyiladi.

Ushbu “suyunchi puli” ota-ona nima ish qilishidan qat’i nazar barcha fuqarolarga beriladi, xoh davlat ishida, xoh xususiy sektorda ishlasin, xoh ishsiz bo‘lsin, xoh talaba bo‘lsin, farqi yo‘q. Hamma oladi.

Ma’lumot uchun: 

“suyunchi puli” summasi — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Ya’ni hozirgi kunda 738 ming 150 so‘mni tashkil etadi.

Bir necha yillar oldin ushbu “suyunchi puli”ni ishlayotganlar ish joyidan, o‘qiyotganlar o‘qish joyidan, ishsizlar esa nafaqa jamg‘armasidan olar edi.

Ammo bu tizim o‘zgarib ketganiga 4 yil bo‘ldi.

Bugungi kunda bola tug‘ilganda “suyunchi puli” olish uchun hech qayoqqa murojaat qilish shart emas. Kimgadir ariza berish ham, qayoqqadir borib uchrashish ham shart emas. Barchasi avtomatlashgan.

Bola tug‘ilganda avtomatlashgan tizimning o‘zi JShShIR raqam beradi, tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun ariza yuboradi, bog‘chaga navbatga qo‘yadi, poliklinikaga ro‘yxatga kiritadi. Xuddi shunday “suyunchi puli” ham ota-onadan birining plastik kartasiga avtomat tushadi. Yana qaytaraman, buning uchun hech qayoqqa borish yoki ariza berish shart emas.

Shu tizimni yaratishda bosh-qosh bo‘lganlarga katta rahmat, baraka topishsin.

⚠️Xulosa: bola tug‘ilganda rektor nomiga ariza bersak, pul olarkanmiz, degan xabarlar eski. Hozir bunaqa tizim yo‘q.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling