Kitob tumanidagi “Aspiduxtar” qishlog‘ida joylashgan 60-maktabning filialida atigi 15 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shulardan bir nafari Muslima Toshtemirovadir bu yil 11-sinfni tamomlagan.
Uning umuman sinfdoshlari yo‘q va u maktabning joriy yildagi yagona bitiruvchisi hisoblanadi.
Xabarga ko‘ra, uni o‘qitish uchun har kuni 3-4 nafar o‘qituvchi, haftalik jadvalga muvofiq jami 14 nafar pedagog 7 kilometr masofadan qatnab dars o‘tib kelgan. Lekin bu 7 kilometr oddiy masofa emas, bu – tog‘li, qattiq yog‘inlardan keyin yurish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladigan yo‘l.
“Har kuni ustozlar turli yo‘nalishlardan qatnab, u uchun dars o‘tadi. Bir qarashda mo‘jizaga o‘xshaydi. Lekin bu fidoyilikdir. Bu kasbga sadoqatdir”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, o‘quvchilarga saboq berib kelayotgan o‘qituvchilardan biri Sattor Habibov qish kunlarida tog‘ yo‘lidan “Niva” avtomobilida maktabda qatnagan va o‘z vazifasini ado qilgan.
“Bugun 5 soat dars o‘taman. Har kuni uch-to‘rt nafar hamkasblarim bilan navbatma-navbat kelamiz. Qor bo‘lsa, bir kun avval kelib tunab qolamiz. Bir o‘quvchi bo‘lsa ham – u kelajak”, – degan o‘qituvchilardan biri.
“Qishlog‘imizda shifokor yo‘q. Men yaxshi o‘qib, shifokor bo‘lmoqchiman. Shu yerga qaytib, odamlarga yordam berishni orzu qilaman”, – deb, o‘zi maqsadini aytgan bitiruvchi Muslima Toshtemirova.
24-may kuni bo‘lib o‘tgan “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirida ustozlar, ota-onalar va qishloq ahli bu yilning yagona bitiruvchisi Muslima Toshtemirovani qutlagan.
Xabar yakunida Yaponiyaning Xokkaydo orolida 2016-yili bitta o‘quvchi qiz uchun poyezd qatnovi tashkil etilgani butun dunyoda ilhom manbaiga aylangan bo‘lsa, ushbu tog‘li qishloqda bitta o‘quvchiga ta’lim berish uchun o‘n to‘rt fidoyi ustoz tog‘lardan o‘tgani xuddi shunday mo‘jiza ekanligi ta’kidlangan.
#Maqola