Maqolalar 20/02/2025 Zulfiya Isroilova: urush, she’riyat va mustahkam muhabbat

   Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-martda Toshkentda hunarmand-degrez oilasida tug‘ildi. Uning bobosini Muslim degrez der edilar va u Degrezlik mahallasida yashar edi. Olov va temir bilan toblangan otasini shoira shunday xotirlaydi: “Otam zahmatkash temirchi edi. Men hamma vaqt uni ish kaftida ko‘rar edim. O‘sha vaqtda bolalarini boqish, ro‘zg‘or tebratish uchun odamlar juda ko‘p mehnat qilishlari zarur ekanligiga sira aqlim yetmasdi. Otamning hamma vaqt olovga yo‘ldosh kasbidan faqat zavq va shavqni ko‘rar edim”. 

  Muslim degrezning beshta farzandidan biri Isroil degrez edi. Isroil degrez yetti farzand ko‘rdi va farzandlarining eng kenjasini Zulfiya deb atadi.

   Zulfiyaning bolalik chog‘lari ana shu ish muhitida, po‘lat tafti anqigan xonadonda kechdi. Uning nazdida, otasi shunday mohir degrez ediki, u hatto po‘latdan qo‘g‘irchoq ham quyib qo‘yishi mumkindek edi. U doshqozon atrofida bezovta yurgan otasining ortidan ergashib, «Dada, menga qo‘g‘irchoq yasab bering!» deb iltimos qilgani qilgan edi. Ozg‘ingina, qorachadan kelgan, chayir tanli otasi erigan po‘latning uchqunlarini sachratib, turli asbob-anjomlar yasar ekan, xalq ertaklaridagi pahlavonlardek tuyulardi unga.

  Zulfiya dastlabki hayot saboqlarini ana shu ota-onasi va akalaridan oldi.

    Qish oqshomlarida butun oila sandal atrofida to‘planar va Xadicha xola katta ro‘molni asta ochib, uning ichidagi biror xalq kitobi yoki bayozni varaqlab, she’r yoki jangnomani o‘qirdi. Zulfiya Navoiy, Bedil, Fuzuliy she’rlarini birinchi marta onasidan eshitgan edi. “Mo‘jizalar yaratishga qodir, jahonni ko‘zga keng ochuvchi, insonni go‘zallik sari yetaklovchi So‘z»ga muhabbat tuyg‘usini Zulfiyada ostona hatlab ko‘chaga chiqmagan oddiy ayol” – ana shu onasi uyg‘otgan edi.

   Oradan ko‘p o‘tmay, she’riyatga ixlos qo‘ygan qizlar Yozuvchilar uyushmasiga borib, Hamid Olimjon va Uyg‘un boshqargan seminar mashg‘ulotlarida ham qatnasha boshladilar.

   Zulfiya tinimsiz kitob o‘qir, kechalari hammadan yashiringan va yashirgan holda she’r mashq qilardi. Nihoyat, u o‘z mashqlarini to‘garak rahbarlariga ko‘rsatishga botindi. Uning «Men ish qizi» deb nomlangan birinchi she’ri 1931-yil 17-iyul kuni Shukur Sa’dulla vositasida «Ishchi» gazetasida bosildi.

   Zulfiya she’ri bosilib chiqqanidan behad darajada quvongan Normat aka bir dasta gazetani sotib olib, uni hammaga ko‘z-ko‘z qilib chiqdi. Uning bunday quvonchga berilishi Zulfiyaga ilhom bag‘ishladi.

  Uning she’rlari «Yosh leninchi» va «Qizil O‘zbekiston» gazetalarida, «Yangi yo‘l» va «O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti» jurnallarida chop etila boshladi. 1932-yilda esa Zulfiyaning birinchi she’rlar to‘plami — «Hayot varaqlari» matbuot yuzini ko‘rdi.

   Bu she’rlar Hamid Olimjonning ham nazariga tushdi.

   “Men, — deb yozadi Zulfiya, — Hamid Olimjonni ilk daf’a o‘sha yilda ko‘rganman. Biz, yigirma chog‘li adabiyot ixlosmandlari, seminar mashg‘ulotlariga yig‘ilardik. Mashg‘ulotlarni Hamid Olimjon bilan Uyg‘un boshqarardi. Ularning o‘sha paytdagi faqat o‘ziga ishonadigan kishidagina bo‘ladigan bosiq, masrur, kuchli qiyofalari meni hozirgacha hayratga soladi. Ular o‘zlarini nihoyatda erkin tutardi…

…Yashirib o‘tirmayman. Hamid Olimjon ilk ko‘rishuvlardanoq ko‘zimdan ko‘nglimga o‘tdi. Men juda yosh hissiyotim bilan uning keng qalbini, ulkan iqtidorini tuydim”.

  1934-yil edi. Hozirgi “Mustaqillik” metro bekati oldidagi maydonchada Hamid Olimjon Zulfiyani uchratib qoladi. Ular shu vaqtga qadar faqat adabiy kechalar tufayligina bir-birlari bilan tanish edilar. Hamid Olimjon tasodifiy uchrashuvdan mamnun bo‘lib, Zulfiya bilan uzoq suhbatlashadi.

— She’ringizni o‘qidim, — deydi u oshkora mehr bilan. – Yaxshi. Nimaligini aytaymi? She’rda qalbingizning surati bor. Bir parchagina bo‘lsa ham. U o‘zingizning qalbingiz. Xuddi shunday davom ettirish kerak. Ritorikasiz, haqiqatni yozish zarur…

  Zulfiya o‘sha paytda «ritorika” so‘zini g‘ira-shira anglardi. Lekin u bu haqda indamay qo‘ya qoladi.

  “O‘shanda, — deb yozadi shoira, — men uyimizga yurib emas, uchib keldim. Keliboq yo‘l bo‘yi tug‘ilgan tuyg‘ularimni qog‘ozga tushirdim. Men bu she’rni shunday yengil, to‘lib-toshib yozdimki, yuragimga allaqanday afsonaviy bir qudrat kirib olib, fikrlarim, qo‘llarimga kuch baxsh etayotganday edi. (Bu “Bahor kechasi” deb atalgan she’rim bo‘lsa kerak.)”

   Zulfiya shu uchrashuvdan keyin Hamid Olimjon to‘g‘risida tez-tez o‘ylaydigan, Hamid Olimjon esa yosh shoiraning she’rlarini diqqat bilan kuzatadigan bo‘ldi.

   Ko‘p o‘tmay, Zulfiya bilim yurtini tugatib, 1935-yilda O‘zbekiston Fanlar qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutining aspiranturasiga o‘qishga kirdi. Bu yerda u bo‘lajak taniqli olimlar — Solih Mutallibov, Ayub G‘ulomov kabilar bilan birga adabiy-nazariy bilimini oshirdi.

   Shu yillarda Til va adabiyot institutida Hamid Olimjon ham xizmat qilardi. U Zulfiya bilan uchrashgan kezlarida uning ijodi bilan qiziqar, unga turli maslahatlar berardi. Har bir uchrashuv ularni tobora yaqinlashtirar va bir-birlarining qalbiga muhabbat urug‘larini socha boshlar edi. 

   1935-yil ular hayotiga eng baxtli sana sifatida kirib keldi. Shu yilning 23-iyul kuni taqdir ikki shoirning hayot rishtalarini butun umrga bir-biri bilan bog‘lab tashladi. Shu davrda Hamid Olimjon 26 yashar qirchillama yigit bo‘lib, beshta she’rlar va hikoyalar kitobi muallifi, taniqli shoir, tirishqoq olim, yosh shoirlar uchun esa ustoz sifatida el og‘ziga tushgan edi. U Zulfiya uchun turmush o‘rtog‘i va do‘stgina emas, balki uning ijodiy taqdirida mislsiz ahamiyatga molik siymo ham bo‘ldi.

   “1935-yilda to‘yimiz bo‘ldi, — deb yozadi Zulfiya. – Men yayrab yashardim. Inson chinakam sevib, sevilganda atrofidagi barcha qiyinchiliklar ushoq bo‘lib ko‘rinadi. To‘rt fasl ham bahor bo‘lib ko‘rinadi. Men o‘sha paytda shunday ruhda edim». 

  •    Shoira 1935—1938-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil olgan;
  •  So‘ngra 1938—1948-yillarda Bolalar nashriyotida muharrir;
  • O‘zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i;
  • 1950—1953-yillarda esa «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo‘lim boshlig‘i;
  • 1953—1980-yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi.

   Urush davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g‘alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterlidir. Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurol-u ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini ifodalovchi asarlar qatoridan o‘rin olgan.

    Shoiraning urushdan so‘nggi yillarda yozilgan «Dalada bir kun» (1948), «Tong qo‘shig‘i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965) to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Uning «So‘roqlaydi shoirni she’rim» (1960), «Oydin» (1953), «Quyoshli qalam» (1967) kabi ocherk va dostonlari H. Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustozlarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan.

    Zulfiya H. Olimjonning «Semurg‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida pyesa va opera librettosini ham yaratgan.

   Zulfiya «Uylar», «Shalola» kabi she’riy majmualari uchun Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. Hind mavzusidagi she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi xalqaro sovrin, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotiga sazovor bo‘lgan.

   Shoira Hindiston, Yugoslaviya, Shiri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo‘ldi. U 1956-yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o‘tkazilgan birinchi konferensiyasida qatnashib, mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.

   Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognetsvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Atoqli shoira 81 yoshida, 1996-yil 1-avgustida vafot etgan.

 

 

   1999-yil 10-iyunda Prezident qarori bilan jamiyatdagi ilg‘or xotin-qizlar uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgan.

To‘plovchi Ma’mura To‘rayeva

 

 

 

 

 

 

 

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling