Zulfiya nomidagi davlat mukofoti –1999-yil 10-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash” to‘g‘risidagi farmoniga binoan ta’sis qilingan.

Mukofot ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.

Talabgorlar 8 ta yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha tanlovlar orqali saralanadi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha har bir o‘ringa munosib talabgorlarni tanlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
– Tuman (shahar) bosqichi — 2-sentyabrdan 20-oktyabrga qadar;
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi — 21-oktyabrdan 30-noyabrga qadar;
– Respublika bosqichi — 1-dekabrdan 31-dekabrga qadar o‘tkaziladi.
Mukofot har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga — jami 28 nafar talabgorga beriladi. Sovrindorlarga mukofotlanganlik haqidagi diplom, ko‘krak nishoni hamda BHMning 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida tantanali qilib topshiriladi.

Mukofot sovrindorlari agar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarining o‘quvchilari bo‘lsa, bakalavriatga, bakalavriat talabalari bo‘lsa, magistraturaga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlarni tanlash va ularning hujjatlarini sifatli tayyorlash bo‘yicha
TAVSIYALAR
📝Adabiyot, san’at yo‘nalishlaridan tavsiya etilayotgan nomzodlarning ijodiy ishlari yuqori saviyada bo‘lishi, turli ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganligi va soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etilgan bo‘lishi lozim.
👩🏫Ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tavsiya etilayotgan nomzodlar «Bilimlar bellashuvi», fan olimpiadalari va o‘quv faniga oid boshqa ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lishi, ushbu yo‘nalish bo‘yicha nomzodlarni tanlashda ta’limning matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi aniq va tabiiy fanlarga alohida e’tibor qaratish lozim.
👩🔬Fan yo‘nalishi bo‘yicha tavsiya etilayotgan nomzodlar ilmiy izlanishlar olib borib, o‘z sohasida yangilik va kashfiyotlar yaratgan, ilmiy masalalarga bag‘ishlangan anjumanlar, xalqaro konferensiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan, ilmiy ishlanma va metodik qo‘llanmalari mutaxassislar tomonidan e’tirof etilib, respublika va xorijiy ilmiy nashrlarda chop etilgan bo‘lishi kerak;
🎤 Madaniyatning suxandonlik, ssenarist, boshlovchilik kabi sohalaridan tavsiya etilayotgan nomzodlar viloyat va respublika miqyosidagi tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan, ssenariylari bilan sohaga doir ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, ijodiy ishlari mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan bo‘lishi lozim;
🤼♀ Sport yo‘nalishi bo‘yicha tavsiya etilayotganlarning asosiy qismi sportning ayollarga xos turlari bilan shug‘ullanib, xalqaro va respublika musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lishi lozim.
👭Jamoatchilik faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha tavsiya etilayotgan nomzodlar har jabhada faollik ko‘rsatib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, tengdoshlari o‘rtasida keng targ‘ibot ishlarini olib borayotgan, uyushmagan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish va Vatan ravnaqi yo‘lida jipslashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shayotgan, ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda samarali faoliyat ko‘rsatib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan bo‘lishi lozim.
🎖Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tavsiya etilayotgan nomzodlarning shaxsiy yig‘ma jildida taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar
RO‘YXATI
1. Nomzodning 9x12 sm. hajmdagi fotosurati joylashtirilgan tavsifnomasi:
Tavsifnomada yoritilishi lozim bo‘lgan jihatlar:
- nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, sanasi, millati (fuqarolik pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bo‘yicha yozish);
- o‘qish joyining rasmiy nomi hamda nomzod qaysi sinf yoki bosqichda o‘qishi;
- nomzodning qaysi yo‘nalish bo‘yicha tavsiya etilayotganligi;
- nomzod tavsiya etilayotgan yo‘nalishning aynan qaysi sohasi yoki turi bilan shug‘ullanishi (Masalan: adabiyot yo‘nalishining – she’riyat yoki publitsistika sohasi, madaniyat yo‘nalishining – suxandonlik, jurnalistika, ssenarist sohasi, sport yo‘nalishining – badiiy gimnastika, suzish, tennis, shaxmat turi, san’at yo‘nalishining – tasviriy yoki amaliy san’at, an’anaviy qo‘shiqchilik, fortepiano sohasi, ta’lim yo‘nalishining – kimyo, matematika, ona tili va adabiyot, jamoatchilik faoliyati yo‘nalishining – tadbirkorlik, fermerlik, yoshlar ittifoqi faollari va boshqa sohalari);
- asosiy yo‘nalishi bo‘yicha erishgan yutuqlarining yillar ketma-ketligida berilishi, tanlovlarning qayerda, qaysi tashkilot tomonidan, kimlar o‘rtasida, qanday nom bilan o‘tkazilganligi, nechanchi o‘rinni egallaganligi hamda nima bilan taqdirlanganligi;
- asosiy yo‘nalishidan tashqari boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha erishgan yutuqlari;
- yetakchilik qobiliyati, ijtimoiy faolligi, tashabbuskorligini ochib beradigan jihatlari va yutuqlari;
- axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan qay darajada foydalanishi (Masalan: «Ziyonet» ta’lim tarmog‘i, veb-sahifalar va h.k.);
- sportning qaysi turi bilan shug‘ullanishi va erishgan yutuqlari;
- sportchilarga yozilgan tavsifnomada erishgan yutuqlari bilan birga nomzod O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hamda sport unvoniga (sport ustaligiga nomzod, sport ustasi, xalqaro toifadagi sport ustasi) ega bo‘lsa, buni qayd etish zarur.
2. Nomzodning obyektivkasi:
Obyektivka namunada ko‘rsatilgan talablar bo‘yicha yozilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashkiliy-nazorat guruhi rahbarlari hamda xotin-qizlar qo‘mitasi raislari tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim.
3. Nomzodning to‘ldirilgan so‘rovnomasi va tarjimayi holi:
So‘rovnoma va tarjimayi hol aniq va chiroyli yozuvda shaxsan nomzod tomonidan to‘ldirilishi shart.
Hujjatlar blankasi sifatli bo‘lishi, ma’lumotlar aniq bo‘lishi kerak. Nomzodning yashash manzili, imzosi, telefon raqami aniq ko‘rsatilishi zarur.
4. Taqdimnoma (2 ta):
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlarining taqdimnomasi;
2. Tavsiya etayotgan tuman (shahar) hokimining taqdimnomasi.
Taqdimnoma rangli blankada, imzolangan, registratsiya qilingan hamda nomzodning asosiy erishgan yutuqlari qayd etilgan holda bo‘lishi lozim.
5. Tavsiyanoma (2 ta):
1. Nomzod ta’lim olayotgan yoki ishlayotgan muassasa rahbarining tavsiyanomasi;
2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisining tavsiyanomasi.
Tavsiyanoma rangli blankada, imzolangan, registratsiya qilingan hamda nomzodning asosiy erishgan yutuqlari qayd etilgan holda bo‘lishi kerak.
6. Tavsifnoma (3 ta):
1. Nomzod ta’lim olayotgan yoki ishlayotgan muassasa rahbarining tavsifnomasi;
2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisining tavsifnomasi;
3. Nomzod istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining tavsifnomasi.
Tavsifnoma imzolangan va muhrlangan hamda nomzodning barcha erishgan yutuqlari keng yoritilgan holda bo‘lishi lozim.
7. Fikrnomalar (4-5 ta):
Fikrnomalar nomzodning yo‘nalishi bo‘yicha adiblar, shoirlar, jurnalistlar, madaniyat xodimlari, san’atshunoslar, rassomlar, haykaltaroshlar, olimlar, fan nomzodlari, pedagoglar, sport murabbiylari kabi soha mutaxassislaridan olinadi.
Fikrnoma imzolangan bo‘lishi, qaysi uyushma yoki tashkilot a’zosi bo‘lsa guvohnoma raqami va berilgan yili yozilgan bo‘lishi lozim (Masalan, Yozuvchilar yoki Jurnalistlar uyushmasi a’zosi bo‘lsa, a’zolik guvohnomasi).
8. Taqriz (1-2 ta):
Taqriz nomzodning yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy va badiiy ijodi, tasviriy san’at namunalariga soha mutaxassislari tomonidan yozilgan bo‘lishi kerak (Sport va shu kabi ayrim sohalar uchun taqriz yozilmaydi).
9. Nomzodning erishgan yutuqlari ro‘yxati:
So‘nggi 3 yil davomida (ayrim hollarda 3 yildan oldingi davrda ham ahamiyatli yutuqqa erishgan bo‘lsa, uni ham yoritish) erishilgan yutuqlarni tasdiqlovchi diplom, sertifikat, faxriy yorliq va shu kabi hujjatlar yillar ketma-ketligida, avval asosiy yo‘nalishi bo‘yicha, so‘ng qo‘shimcha faoliyatidan erishgan yutuqlari bo‘yicha yozilishi kerak.
Nomzodning yutuqlari kamida viloyat darajasida bo‘lishi lozim.
10. Nomzodning erishgan yutuqlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarining nusxalari:
Hujjatlarning nusxalari ro‘yxat bo‘yicha ketma-ketlikda joylashtirilgan bo‘lishi shart. Hujjatlar sifatli bo‘lib, undagi yozuv, muhr va ma’lumotlar aniq ko‘rinishi lozim.
Xorijiy tillarda yozilgan hujjatlarning tarjimasi notarial idora tomonidan tasdiqlangan holda ilova qilinishi kerak. Hujjat berilgan yilning yozilganligiga hamda «Asliga to‘g‘ri» deb tasdiqlanganligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
11. Nomzodning tashabbuskorligi, targ‘ibotchiligi, faolligi bo‘yicha hujjatlar:
Nomzod o‘quv muassasalari yoki mahallada to‘garak tashkil etib, yoshlarni jalb etgan bo‘lsa, to‘garak tuzilganligi haqidagi qaror va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kerak.
12. Nomzodning OAVlarda e’lon qilingan ijodiy yoki ilmiy ishlarining ro‘yxati:
Ro‘yxatda ijodiy yoki ilmiy ishlarning nomi, qaysi gazeta, jurnal yoki nashriyotlarda chop etilganligi, nusxalar soni haqidagi ma’lumotlari yillar ketma-ketligida, jadval shaklida yozilishi lozim. nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki ularning maqolalari yoritilgan gazeta va jurnallar taqdim etilishi kerak.
13. Nomzodning ijodiy yoki ilmiy ishlaridan namunalar:
Nomzodning yo‘nalishiga oid ijodiy yoki ilmiy ishlari chop etilgan gazeta va jurnallar nusxalari, badiiy-ilmiy kitoblari, qo‘llanmalari, qo‘shiqlari ko‘chirilgan diski va boshqa shu kabi ahamiyatli ishlaridan namunalar ilova qilinishi lozim (Kitoblari nashriyotda chop etilgan bo‘lishi shart, kompyuterdan chiqarilgan va broshyuralar tarzida bo‘lmasligi lozim. Nomzodning kichik she’rlari yoki ahamiyatsiz ma’lumotlari chop etilgan gazeta va jurnallar taqdim etilmasligi kerak).
14. Komissiya xulosasi va qarori:
Viloyat komissiyasi a’zolari tomonidan imzolangan bo‘lishi va respublika komissiyasida alohida to‘plam sifatida saqlanishi lozim.
15. Ishchi guruh qarori:
Viloyat ishchi guruhi a’zolari yoki jalb etilgan ekspertlar tomonidan imzolangan bo‘lishi va respublika komissiyasida alohida to‘plam sifatida saqlanishi lozim.
16. Nomzodning fuqarolik pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidan nusxa:
Pasport yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi sifatli darajada, undagi yozuv va muhrlar aniq ko‘rinishi kerak.
17. Nomzodning ota-onasining fuqarolik pasportidan nusxa:
Pasport nusxasi sifatli darajada, undagi yozuv va muhrlar aniq ko‘rinishi kerak.
18. Nomzodning ota-onasining ish joyidan ma’lumotnoma:
Ma’lumotnomada ota-onasining ish joyi va lavozimi to‘liq ko‘rsatilgan xolda kadrlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan imzo va muhr bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
19. Nomzodning ota-onasining yashash joyidan ma’lumotnoma:
Ma’lumotnomada ota-onasining yashash manzili ko‘rsatilgan bo‘lishi hamda mahalla raisi tomonidan imzo va muhr bilan tasdiqlanishi lozim.
20. Nomzodning fotosurati:
Nomzodning 9x12 sm. hajmdagi yuqori sifatli
2 dona fotosurati taqdim etiladi. Fotosuratda:
- o‘quvchining rasmiy kiyimda, oq rangdagi ko‘ylak va qora rangli klassik shakldagi kostyumda, ortiqcha taqinchoq va bo‘yoqlarsiz, soch turmagi tepaga yoki yonga yig‘ilgan, fotosuratning orqa foni och havorangda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish kerak.
21. Nomzodning faoliyati aks ettirilgan fotolavhalar (5-6 ta)
Fotolavhalar hujjatlarga qo‘shimcha ravishda taqdim etilishi mumkin.
Fotolavhalarda faqat ijodiy va ijtimoiy faoliyati aks etgan bo‘lishi lozim.
Zulfiya nomidagi davlat mukofotining saralash bosqichi quyidagi 2 bosqichda ko‘rib chiqiladi:
1-bosqich hujjatlar bilan tanishish;
2-bosqich yuzma-yuz suhbat va savol-javob.

Shu o‘rinda bu mukofotni olish istagida bo‘lgan qizlarimizga eslatma. Aslida haqiqiy mukofot bu sizning ibo-hayongiz va iste’dodingiz, bilimingizdir.
Ma’mura To‘rayeva tayyorladi
#Maqola