Maqolalar 30/01/2025 Akademik ta’til boʻyicha siz bilmagan ma’lumotlar

   Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun akademik ta’til ma’lum bir hollarda beriladigan ta’til turi hisoblanadi.Akademik ta’til quyidagi sabablar tufayli olinadi:

  1. harbiy xizmatni o‘tash uchun;
  2. salomatligini tiklash uchun;
  3. homiladorlik va tug‘ish uchun;
  4. bolalarni parvarish qilish uchun;
  5. oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.

Akademik ta’til yuqoridagi sabablarga ko’ra turli xil muddatlarga beriladi.

https://avatars.mds.yandex.net/i?id=16747445126b9e1b646da64111a14a20eed86b94-8341266-images-thumbs&n=13

Jumladan:

  1. harbiy xizmatni o‘tash uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;
  2. homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga;
  3. salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — keyingi yilning talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga (agar mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq talaba akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilsa, navbatdagi semestrning boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga). Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.

Akademik ta’til olish uchun kimga ariza berish tartibi:

https://avatars.mds.yandex.net/i?id=89e198e3f9b46d7417d87dbfb7d7fe3b0adfe03d-5242707-images-thumbs&n=13

   Akademik ta’til olish uchun talaba (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra talaba shaxsan murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘i) tomonidan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.

Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar:

  1. harbiy xizmatni o‘tash uchun — tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;
  2. salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;
  3. oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi.

Ariza ko‘rib chiqiladigan muddat:

   Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi.

   Talabaga akademik ta’til berish oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart.

Akademik ta’tilni boshqa o‘quv shakliga o‘zgartirish:

   Akademik ta’til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga muvofiq, uning o‘qishi akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin.

   Bunda oliy ta’lim muassasasida muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi.

Akademik ta’til muddatining uzaytirilish holatlari:

https://avatars.mds.yandex.net/i?id=6b6c251834344f2c13c69a77e696558ba57d6233-7452498-images-thumbs&n=13

  1. Salomatligini tiklash yoki oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalarda homiladorlik va tug‘ish holatlari yuzaga kelgan taqdirda, akademik ta’tilning muddati homiladorlik va tug‘ish uchun mazkur Nizomda belgilangan akademik ta’tilning muddatiga uzaytiriladi.
  2. Talabaning salomatligi yoki oilasining betob a’zosi salomatligi tiklanmaganda talabaning arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i asosida akademik ta’til muddati ushbu toifadagi holatlar uchun belgilangan muddatlarga uzaytiriladi.

Muddatidan oldin akademik ta’tilni bekor qilish:

https://telegra.ph/file/5339e39c71b767155a330.png

   Talaba akademik ta’tilga chiqqan kundan boshlab bir oy o‘tmagan bo‘lsa, akademik ta’tilni bekor qilish va o‘qishga qaytishni so‘rab oliy ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.

Akademik ta’til tugagandan so‘ng talabaning dars jarayonlariga qatnashishi:

https://avatars.mds.yandex.net/i?id=4429526bc00d2b066146be5121ba6fb0cb3d8c2c-5087064-images-thumbs&n=13

   Talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi shart.

   Talaba akademik ta’tildan belgilangan muddat tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilgan taqdirda uning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha mas’uliyat shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklanadi.

Yodda tuting: Akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari o‘zlashtirilgan fanlarni qayta o‘zlashtirish majburiyati yuklatilmaydi. Akademik ta’til muddati tugagandan so‘ng o‘qishga qaytmagan va natijada bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgan talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlashtiriladi.(Ushbu band talablari o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.)

 Qo‘shimcha ma’lumotlarni You tube kanaldan olishingiz mumkin.

                          Sevinch Tolibjonova tayyorladi

#Ta'lim telekanali   #Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling