Maqolalar 06/05/2025 Attestatsiya vaqtida kompyuter ishlamay qolsa, pedagoglar nima qilishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 4-bobida apellyatsiya berish tartibi belgilangan.

Nizomga ko‘ra, attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun ichida apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda ariza (shikoyat) berishlari kerak bo‘ladi.

Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish yozma ravishda yoki vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin.

Bunda ariza (shikoyat) ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun muddatda, qo‘shimcha o‘rganishlar talab etilganda esa malaka toifasi sertifikatlari shakllantirilgungacha qadar ko‘rib chiqiladi.

Murojaat etuvchi pedagog kadrlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati ko‘rib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi ham mumkin.

Ariza ko‘rib chiqilganda o‘quv fani bo‘yicha yoki malaka sinovlarini o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlansa, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi test sinovlarining qaytadan topshirilishini tashkil etishi lozim bo‘ladi.

Masalan, 2024-yil 15–16-aprel kuni Informatika va axborot texnologiyalari fanidan bo‘lib o‘tgan attestatsiya test sinovlari vaqtida ham pedkadr.uzedu.uz platformasida nosozliklar yuzaga kelib, ishlamay qolgan. Bu holatda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2024-yilning 22-may kuni aynan shu fandan qayta attestatsiya o‘tkazgan.

Shu sababli, agar test jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan muammolar kuzatilgan bo‘lsa, pedagog xodimlar darhol apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron ravishda ariza (shikoyat) berishlari kerak.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling