Kecha, 5-may kuni Shavkat Mirziyoyev istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Xabarga ko‘ra, endi “El-yurt umidi” jamg‘armasi fondi Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etiladi. Jamg‘arma Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi kabi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.
Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash bo‘yicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga ustuvorlik beriladi.
Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida o‘qishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda bo‘lgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.
Xorijda o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish vazifalari yuklatiladi.
Bundan tashqari, yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yo‘lga qo‘yiladi. Barcha uzoq va o‘rta muddatli o‘quvlar xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil qilinadi.
Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yo‘nalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari to‘lov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.
Akademiyada ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.
Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilg‘or amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.
Taqdimot yakunida Prezident takliflarni ma’qullab, bu tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy qilish, jamg‘arma va akademiya xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
#Yangiliklar