Maqolalar 26/11/2024 Oʻzbekistonda har yetti oʻquvchidan kamida bittasi maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydi

Bir oʻquvchining ikkinchisiga tan jarohati yetkazishi, haqoratli soʻzlar ishlatishi va boshqa bezoriliklar boʻlgani sabab oʻquvchilar maktab hududida oʻzini xavfsiz his qilmaydi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining bergan ma’lumotlariga koʻra, bulling turlari orasida tovlamachilik oʻquvchilarning akademik natijalariga eng katta taʼsir qiluvchi holat hisoblanadi. Bu matematika, oʻqish va tabiiy fanlardan oladigan baholar pasayishiga sabab boʻlishi aytilmoqda. Institut ayni muammoga yechim sifatida oʻz takliflarini ham keltirdi.

2022-yilda Oʻzbekiston maktablari 15 yoshli xalqaro oʻquvchilarning bilimini baholash boʻyicha dastur – PISA imtihonlarida ilk marta ishtirok etib, 81 ta mamlakat orasida matematika boʻyicha 72-oʻrinni, tabiiy fanlar va oʻqish savodxonligi yoʻnalishlarida esa 80-oʻrinni egallagan. Unda 202 ta maktabdan 7 293 nafar oʻquvchi ishtirok etgan.

Hozirgi dunyoda deyarli mukammal hisoblangan bu dastur doirasida nafaqat taʼlimiy koʻnikmalar, balki boshqa yoʻnalishlarda ham oʻquvchilarga oid koʻrsatkichlar, jumladan, bolalarning qay darajada bulling yoki zoʻravonlikka uchrashi ham eʼlon qilingan.

Maktab boshqaruv xodimlari orasida oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, sababsiz dars qoldirish (26 foiz), spirtli ichimliklar yoki taqiqlangan dori vositalarini isteʼmol qolish (26 foiz) hamda oʻqituvchilarning darsga yaxshi tayyorgarlik koʻrmasligi (25 foiz) maktabda oʻquvchilarning taʼlim olishiga jiddiy salbiy taʼsir qiladi.

Shuningdek, maktab muhitiga aloqador boshqa omillar, masalan, oʻquvchilarning boshqa oʻquvchilarni qoʻrqitishi yoki zoʻravonlik qilishi (20 foiz) hamda oʻqituvchilarning oʻquvchilarga nisbatan juda qattiqqoʻl boʻlishi (8 foiz) ham taʼlim jarayoniga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkinligi aniqlangan.

Maktabda oʻzini xavfsiz his qilish

Maktabdagi muammolardan yana urishqoqlik (31 foiz), bir oʻquvchining ikkinchi oʻquvchiga tan jarohati yetkazishi (21 foiz), haqoratli soʻzlar ishlatishi (21 foiz) va bezorilikka aloqador boshqa illatlar ham borligi aniqlangan.

Oʻquvchilar koʻproq oʻzlarini maktab hududida xavfsiz his etmasligini aytib oʻtgan. Masalan:

– yoʻlak, oshxona, hojatxonada – 20 foiz (IHTTda oʻrtachasi – 10,1 foiz, PISA oʻrtachasi – 12,5 foiz, Qozogʻiston – 14,2 foiz);

– maktabdan uyga qaytish yoʻlida – 15 foiz (IHTTda oʻrtachasi – 8,5 foiz, PISA oʻrtachasi – 10,2 foiz, Qozogʻiston – 13,5 foiz);

– maktabga borish yoʻlida – 14 foiz (IHTT oʻrtachasi – 8,2 foiz, PISA oʻrtachasi –10,1 foiz, Qozogʻiston – 15,6 foiz);

– maktab sinf xonasida – 14 foiz (IHTT oʻrtachasi – 6,9 foiz, PISA oʻrtachasi – 8,1 foiz, Qozogʻiston – 12,3 foiz).

Mazkur raqamlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), PISA hamda Qozogʻistonning koʻrsatkichlaridan ancha yuqori. Taʼkidlanishicha, har yetti oʻquvchidan kamida bittasi maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydi va zoʻravonlik yoki bezorilik guvohi boʻladi.

#Maqola   #Oʻquvchi  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling