Joriy yilning 17-fevralidan boshlab Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Rahbar ayollar maktabi” dasturining yangi mavsumiga start berildi. Mazkur dastur doirasida tanlab olingan 100 nafar xotin-qizlar uchun maxsus o‘quv dasturlari va amaliy mashg‘ulotlarning navbatdagi bosqichi tashkil etildi. Ushbu tashabbus xotin-qizlarning rahbarlik salohiyatini oshirish, ularning biznes va tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda malakali yetakchilarga aylanishlariga ko‘mak berishga qaratilgan.
Dastur davomida ishtirokchilar malakali ekspertlar va soha mutaxassislari tomonidan olib boriladigan seminar-treninglar hamda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqdalar. Bundan tashqari, davlat muassasalari, sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga tashriflar uyushtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishtirokchilarga real ish jarayonlari bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 25-fevral kuni “Rahbar ayollar maktabi” dasturi ishtirokchilari Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lib, vazirlik faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishishdi. Ushbu tashrif doirasida vazirlik huzuridagi tashkilotlar binosida sayyor mashg‘ulotlar tashkil etilib, ishtirokchilarga axborot texnologiyalari, raqamli transformatsiya va davlat sektorida innovatsion yechimlar joriy etilishi borasida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, vazir maslahatchisi Kamola Sobirova, shuningdek, UZINFOCOM kompaniyasi strategik direktori Dildora Tursunova ishtirokchilar bilan uchrashib, raqamli texnologiyalar sohasidagi dolzarb mavzular, innovatsion loyihalar va vazirlik faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarning tutgan o‘rni, xotin-qizlarning IT sohasidagi imkoniyatlari hamda ularning yetakchilik salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur tashrif dastur ishtirokchilariga raqamli texnologiyalarni chuqurroq o‘rganish va o‘z sohalarida zamonaviy innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha muhim tajriba va bilim olish imkoniyatini yaratdi.
#Ta'lim telekanali #Yangiliklar