Xalqaro reytinglarda birinchi 500 talikka kirgan oliygohni bitirgan yoki ilmiy daraja olgan xodimlar oyligiga qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.
Qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida har oyda to‘lab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha muddatga tuziladi. To‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Xalqaro reytingda 1-o‘rindan 100-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 baravari miqdorida ustama haq to‘lanadi. Magistraturani tamomlagan yosh mutaxassislarga lavozim maoshiga BHMning 40 baravari miqdorida, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar) olgan yosh mutaxassislarga esa lavozim maoshiga BHMning 75 baravari miqdorida ustama haq to‘lanadi.
Reytingda 101-o‘rindan 300-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasini tamomlagan mutaxassislarga tegishli ravishda BHMning 20 baravari va 30 baravari miqdorida ustama to‘lanadi. O‘sha oliy ta’lim muassasasida ilmiy darajaga ega bo‘lganlarga BHMning 60 baravari miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Reytingda 301-o‘rindan 500-o‘ringacha bo‘lgan OTM bitiruvchilariga BHMning 15 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda ustama to‘lanadi.
Xalqaro miqyosda tan olingan reyting tashkilotlari Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World University hisoblanadi.
#Yangiliklar