19-may kuni AOKAda malaka toifa sinovlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova attestatsiya jarayonlariga oid ma’lumotlar haqida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pedagoglar malaka toifa sinovlarida qatnashgan salkam 59 foiz o‘qituvchi attestatsiya imtihonidan o‘ta olmagan.
Ushbu sinovlarda ishtirok etish uchun umumiy hisobda 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn shaklda ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177,640 nafari (umumiy arizachilarning 95%i) jarayonlarda qatnashgan. Shuningdek, o‘rnatilgan tartib-qoidalarni buzganligi sababli 75 nafar pedagog sinovdan chetlashtirilgan. Bu masalada tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Attestatsiyada ayrim sabablar bilan ishtirok eta olmagan pedagoglardan tahririyatimizga bir qancha savollar kelib tushmoqda. Ya’ni, turli sabablar bilan qatnasha olmaganlar pedagoglar uchun qo‘shimcha attestatsiya sinovlari o‘tkaziladimi?
Pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.
Mazkur nizomning 45-bandiga ko‘ra, pedagog kadrlar attestatsiyaga uzrli sababga ko‘ra kelmagan bo‘lsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chiriladi.
– xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi;
– davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi;
– respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi;
– vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lganligi;
– yaqin qarindoshining vafoti;
– vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslar.
Bunda uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan e’lon qilinadi.
Eslatma! “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 22-bandiga ko‘ra, pedagog kadrlar uzrli sabablarga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyaga kelmaganligi tufayli ularning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chirilgan taqdirda, yig‘im takroran undirilmaydi.
#Yangiliklar