Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi”, “Kelajak liderlari” kabi kurslarda ilg‘or ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan o‘quv yilida 13 mingdan ziyod tinglovchilarning malakasi oshirilgan.
Yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha uzoq va o‘rta muddatli o‘quvlar xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.
Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yo‘nalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari to‘lov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.
Akademiyada ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.
Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilg‘or amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.
#Yangiliklar