2025-yilgi yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakliga qabul to‘xtatildi. Bu borada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Daryo.uz” axborot agentligiga bergan intervyusida sirtqi ta’limdan voz kechilishining sabablari va buning o‘rniga taklif etilayotgan muqobil ta’lim shakllari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Asosiy sabab – ta’lim sifati
Vazirning ta’kidlashicha, sirtqi ta’limda o‘qitish sifati talab darajasida ta’minlanmayotgani asosiy sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, ko‘plab talabalar ish bilan band bo‘lgani sababli darslarda to‘liq ishtirok eta olmayapti. Bu esa ta’lim mazmuni va sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Biz bu yo‘nalishda ta’lim sifatini 100 foiz ta’minlab bera olmaymiz. Chunki bilamizki, talabalarning ko‘pchiligi ish bilan band, vaqtida darsga kela olmaydi. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz, yashirishga hojat yo‘q,” — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
O‘rniga masofaviy va uzaytirilgan ta’lim joriy etiladi
Sirtqi ta’lim to‘liq bekor qilinmagan, balki uning o‘rniga zamonaviy va sifatli ta’limni ta’minlovchi muqobil shakllar joriy etilmoqda. Xususan, masofaviy va uzaytirilgan ta’lim tizimlari keng yo‘lga qo‘yiladi. Masofaviy ta’limda talabalar kompyuter orqali darslarga har kuni qatnashishi, bilimini nazorat qilish tizimi esa yanada kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.
“Endi o‘qiyman degan yoshlar masofaviy ta’limga kirishi mumkin. Nazorat kuchliroq — talaba har kuni kompyuteridan darsga kirib, o‘qishi kerak bo‘ladi. Imtihonlarda o‘rniga boshqa odam kirsa yoki ‘shpargalka’ ishlatmoqchi bo‘lsa, tizim avtomatik tarzda buni aniqlaydi,” — dedi vazir.
Dunyo tajribasiga moslashuv
Vazir Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda sirtqi ta’lim shakli deyarli mavjud emas. O‘zbekiston ham xalqaro tajribaga tayanib, ta’lim tizimini kredit-modul asosiga o‘tkazmoqda. Bu esa talabalarga yanada moslashuvchan, sifatli va zamonaviy ta’lim olish imkonini beradi.
“Yevropa, AQSh yoki boshqa rivojlangan davlatlarda kunduzgi, kechki, masofaviy va uzaytirilgan ta’lim shakllari mavjud. Biz ham shu yo‘ldan ketayapmiz,” — deya qo‘shimcha qildi u.
Amaldagi sirtqi talabalar o‘qishni davom ettiradi
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar uchun o‘quv jarayoni belgilangan tartibda davom etadi. Ular tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishni yakunlab, to‘liq oliy ma’lumotli mutaxassis sifatida diplomga ega bo‘ladilar.
Vazirlik rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, sirtqida tahsil olib, diplom olganlar O‘zbekiston qonunchiligiga binoan kunduzgi, kechki yoki masofaviy shaklda olingan diplom bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi.
#Yangiliklar